Noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Mamlakatimizda shaharsozlik sohasida ayrim tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, noqonuniy qurilishlar, loyiha hujjatlaridan chetga chiqish va urbanizatsiya tamoyillariga amal qilmaslik, qurilish-montaj ishlarini belgilangan tartiblarga rioya etmasdan amalga oshirish holatlari uchramoqda. Bu borada 2024-yilda 9 mingta huquqbuzarlik aniqlangan. 2025-yilda shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun 2 ming 653 ta ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Shaharsozlik sohasidagi muammolar aholi xavfsizligi, shaharlarni rejali rivojlantirish, muhandislik va ijtimoiy infratuzilmaga, shuningdek, fuqarolar va investorlarning qonuniy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Parlament quyi palatasi majlisida shaharsozlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Qonun loyihasi bilan shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik, ya’ni noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish, qurilish-montaj ishlarini bosh reja, master-reja va qurilish loyihasi talablarini buzgan holda amalga oshirishga javobgarlik choralari kuchaytiriladi.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hajmdan katta bo‘lgan imoratlar, bino va inshootlarni vakolatli organni xabardor etmasdan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Sohada Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining shaharlarni kompleks rivojlantirish sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Muhokamalarda qayd etilganidek, qurilishda xavfsizlik, qulaylik, qonuniylik birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, noqonuniy qurilishlarni qisqartirish, qurilish bozorida halol raqobat muhitini ta’minlash, yer va ko‘chmas mulk resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, fuqarolarning ko‘p kvartirali uylar qurilishiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larini himoya qilish hamda aholi uchun xavfsiz va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga huquqiy asos bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA