Narkojinoyatlar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi va ma’lumotlari sir tutiladi
Bugungi kunda narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni internet orqali targ‘ib qilish holatlari ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida bunday illatlar keng tarqalmoqda, 33 ta narkolaboratoriya aniqlangan. Bu esa narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini samarali tartibga solish, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sohada davlat organlarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan narkotiklar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar muomalasini, shuningdek, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasini kompleks tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Sohada qo‘llanilayotgan “narkotiklar”, “narkojinoyat”, “narkovaziyat”, “giyohvandlikka qarshi kurashish”, “narkojinoyatlarga qarshi kurashish”, “g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” kabi tushunchalarga huquqiy ta’riflar berilmoqda.
Narkotiklar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar muomalasini nazorat qilish hamda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Jumladan, sohadagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Narkotiklar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanyapti.
Hujjat bilan narkojinoyatlarning yangi, ayniqsa, internet tarmog‘idagi usullariga qarshi kurashish, noqonuniy narkolaboratoriyalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish, narkotiklarning noqonuniy muomalasi kanallarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor-qidiruv va boshqa choralarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga aniq vazifalar ham belgilanmoqda.
Shu bilan birga, narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini nazorat qilish bilan bir qatorda, profilaktika yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirishga, ta’lim muassasalarida narkotiklar tarqalishining oldini olish, narkologik yordam, profilaktika, diagnostika, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim vazifalar yuklatilmoqda.
Bundan tashqari, narkojinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi qaratilgan yangi mexanizmlar nazarda tutilyapti. Jumladan, narkojinoyatga yo‘l qo‘ygan yoki narkojinoyatlar natijasida olingan daromadlarni legallashtirish maqsadida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan yuridik shaxsni sud qaroriga asosan tugatish mumkinligi belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasida narkojinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlardan foydalanishni rag‘batlantirish, sohadagi ilmiy, amaliy va texnologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, narkojinoyatlar haqida xabar bergan yoki ularga qarshi kurashishga ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish va ularning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishini kafolatlashga qaratilgan normalar o‘z ifodasini topmoqda.
Shu bilan birga, narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning kirib kelishidan toki realizatsiya qilinishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimi yaratilmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA