Nogiron shaxslar bandligini ta’minlash – muhim masala
Mamlakatimizda keyingi yillarda inson sha’ni va qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandligini ta’minlash, munosib ish sharoitlari yaratish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Prezidentimizning 2025-yil 8-maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur Farmon orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqini, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda inklyuziv mehnat bozorini shakllantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etildi.
Farmonning 2-ilovasida 2025-yil yakuniga qadar hududlar kesimida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berilgan. Ana shunga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatda 2025-yil yakuniga qadar 6 ming 674 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 7 ming 672 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o‘rganish maqsadida “Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan Xo‘jaobod tumanida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Monitoring jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan ta’minlanishi, ular uchun yaratilgan sharoitlar, elektron reyestr yuritilishi hamda ish beruvchilar bilan hamkorlik masalalari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Xo‘jaobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan 2025-yil uchun 236 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 314 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
– Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mehnatga layoqatli I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar asosan tikuv-trikotaj, xizmat ko‘rsatish, nodavlat maktabgacha ta’lim hamda qishloq xo‘jaligi sohalariga ishga joylashtirilmoqda, – deydi “Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi Diyorbek Turg‘unov. – Bu hududlarda inklyuziv mehnat muhiti bosqichma-bosqich shakllanayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, monitoring davomida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali ishlash istagini bildirgan 427 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning sog‘lig‘i, ta’lim olishi va mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlar elektron reyestrga kiritilgan hamda ularning bandlik holati muntazam monitoring qilib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

– Men tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari ko‘magida “Agrobank” ATBning Xo‘jaobod filiali korporativ biznes bo‘limiga ishga joylashdim, – deydi II guruh nogironi Sh.Arapov. – Ish olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan, jamoa bilan bir bo‘lib ish olib boryapman. Men va men kabi jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun, avvalo, Prezidentimizdan, barcha yurtdoshlarimdan cheksiz minnatdorman.
O‘rganishlar davomida II guruh nogironi X.G‘iyosov “Andijon suv ta’minoti” AJning Xo‘jaobod tumani filialida nasos qurilmalari operatori lavozimida 0,5 stavka ishlamoqda. Bu kabi holatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilayotganligining misolidir.
Biroq o‘rganishlar jarayonida ayrim muammoli holatlar ham kuzatildi. Xususan, mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan ayrim fuqarolarda rasmiy ishga joylashgan taqdirda nogironlik nafaqasi bekor qilinishi mumkinligi haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllangan. Bu esa ularning rasmiy mehnat faoliyatiga jalb etilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Xo‘jaobod tumanida 1000 dan ortiq korxona va tashkilot faoliyat yuritayotganiga qaramasdan, elektron reyestrga bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni atigi 12 ta korxona kiritgan xolos. Bu holat ayrim tadbirkorlik sub’ektlari nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish bo‘yicha davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va subsidiyalar haqida yetarli ma’lumotga ega emasligini ko‘rsatadi.
O‘rganish natijalari va tahlillarga, ko‘ra, sohadagi ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. Shu bilan birga, xususiy sektorda inklyuziv mehnat muhitini kengaytirish, “eng inklyuziv ish beruvchi” kabi hududiy tanlovlarni joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy kasb-hunar va raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda bandlik bo‘limlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.