Bolalar haqiga xiyonat qilganlar jazolandi
Sirdaryo viloyatida voyaga yetmagan farzandlar ta’minotidan bo‘yin tovlayotgan otalarga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aliment to‘lashdan qasddan bosh tortgan 152 nafar qarzdor ma’muriy javobgarlikka, 15 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortildi.
Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi ma’lum qilishicha, shu davrda farzandlar ta’minoti uchun 25,1 milliard so‘m aliment mablag‘lari undirib berilgan.
Ayrim qarzdorlar ma’muriy jazodan ham xulosa chiqarmagan. Xususan, avval 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilganiga qaramasdan, M. Shodmonov 33,8 million so‘m, S. Kenjayev esa 33,2 million so‘m aliment qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Natijada ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Qonunchilikka muvofiq, ota-onalar voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashga majbur. Ushbu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, aliment mablag‘lari sud qarori asosida majburiy tartibda undiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri