Nega Rossiya zaxiradagi oltinlarini sotmoqda? (+video)
Rossiya byudjet taqchilligini qoplash uchun zaxirasidagi oltinlarni sota boshladi, deb xabar berdi DW nashri. Va shu mavzudagi maqolada zaxiradagi oltinlarning sotilishi Moskvada pul tugayotganini anglatadimi yoki Rossiya moliyasida nima gaplar, degan savollar atrofida fikr yuritilgan.
2026-yil davomida Rossiya byudjetdagi yetishmovchilikni yumshatish uchun katta miqdorda oltin sotdi. Rossiya Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyi boshida mamlakat oltin zaxirasi 2282 tonnani tashkil qilgan. Yanvardan beri zaxira taxminan 43,5 tonnaga kamaygan.
Bu Rossiya oltin zaxirasi 2022-yil fevral oyidan beri ya’ni Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan beri eng past darajaga tushganini anglatadi. Rossiya o‘z oltin zaxirasining bir qismini sotish orqali 5 milliard dollardan ortiq mablag‘ olgan bo‘lishi mumkin.
Vashingtondagi Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti iqtisodchisi Elina Ribakovaning aytishicha, Rossiyaning oltin sotayotgani mamlakatda boshqa, tez pulga aylantirish mumkin bo‘lgan aktivlar kamayib borayotganidan dalolat beradi.
«Bu ikki tomonlama muammoni keltirib chiqaradi: byudjet taqchilligi iqtisodiyotga bosim qilmoqda, uni qoplash manbalari esa tobora kamaymoqda», — dedi u.
So‘nggi yillarda Rossiya byudjeti mudofaa xarajatlarining keskin oshishi sababli jiddiy bosim ostida qolgan. Financial Times xabariga ko‘ra, Rossiya moliya vazirligi hukumatni 2026-yilda harbiy xarajatlar rejadagidan kamida 28 milliard dollarga ko‘p bo‘lishi haqida ogohlantirgan. Xuddi shunday ortiqcha xarajatlar 2027 va 2028-yillarda ham kutilmoqda.
2021-yildan beri Rossiyaning harbiy xarajatlari to‘rt baravardan ko‘proq oshgan. Shu bilan birga Rossiya hukumati zaxirani tez kamaytirishni istamaydi. Chunki zaxiraning kamayishi mamlakatda moliyaviy inqiroz yoki iqtisodiy muammolar haqidagi xavotirlarni kuchaytirishi mumkin.
Ekspertlar Rossiya iqtisodiyoti hozir qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa ham, Moskva yaqin kelajakda urush uchun mablag‘ ajratishni davom ettirishi mumkin, deb hisoblaydi. Buning uchun mudofaa bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar qisqartirilishi mumkin.
Ekspertlarning aytishicha, Vladimir Putin hozirgi sharoitda Ukrainaga qarshi urushni yana bir necha yil davom ettirishi mumkin. Garchi frontda katta ilgarilash bo‘lmasa ham, Rossiya hali ham urushga mablag‘ yo‘naltirish imkoniyatiga ega. Biroq ekspertlar Rossiya iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli jiddiy zarar yuzaga kelayotganini ta’kidlashmoqda. Harbiy xarajatlarning ortishi iqtisodiyotda katta nomutanosibliklarni keltirib chiqarmoqda va mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish istiqbollarini yomonlashtirmoqda. Iqtisodiy mutaxassislarning asosiy xulosasi shuki, Rossiya hozircha urushni moliyalashtirish imkoniyatiga ega, ammo bu iqtisodiyotga tobora katta va uzoq muddatli zarar yetkazadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kGNB2yAQZ-0" title="Nega Rossiya zaxiradagi oltinlarini sotmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, I.Ismatov. O‘zA