LANA: Gevaradan Messiga – Rosarioda shahar ramzlarini o‘zgartirish taklif etildi
Argentinaning Santa-Fe provinsiyasidagi Rosario shahri sobiq deputati Gabriel Chumpitas shahar kengashiga marhum siyosiy arbob Ernesto Gevara de la Sernaga o‘rnatilgan yodgorliklar, jamoat joylari va sayyohlik ob’ektlarini mashhur futbolchi Lionel Messiga bag‘ishlangan yodgorliklar bilan almashtirish bo‘yicha loyiha taqdim etishini ma’lum qildi. Bu haqda Buenos-Ayresdagi axborot hamkorimiz – LANA xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, tashabbus doirasida Ernesto Gevara nomi bilan bog‘liq devoriy suratlar, maydonlar, haykallar, tibbiyot markazlari, kutubxonalar, shuningdek, shaharning rasmiy sayyohlik yo‘nalishiga kiritilgan turli ob’ektlarni qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.
Chumpitas bu tashabbus orqali Rosarioning o‘ziga xos qiyofasi va xalqaro miqyosdagi targ‘ibotini mazkur shaharda tug‘ilgan Lionel Messi shaxsiyati atrofida qayta shakllantirishni maqsad qilgan. Sobiq deputat Argentina milliy terma jamoasi sardori Messini jamiyatda ko‘proq birdamlik va umumiy fikr uyg‘otishga qodir ramz sifatida baholagan.
Uning fikricha, Rosario Messining mashhurligidan sport, turizm, investitsiyalar va yangi ish o‘rinlari bilan bog‘liq faoliyatni rivojlantirishda samarali foydalanishi mumkin. Chumpitas shuningdek, shahar munitsipalitetidan hozirda Ernesto Gevara nomi bilan bog‘liq tashabbus va ob’ektlarga qancha mablag‘ sarflayotgani haqida ma’lumot so‘ragan.
Muallifning yozishicha, Chumpitas marhum siyosiy arbob shaxsini ulug‘lash uchun davlat mablag‘laridan foydalanilishini tanqid qilgan va uning timsolini Messi shaxsiyati bilan taqqoslagan.
Mazkur tashabbus hali Rosario shahar kengashiga rasman kiritilmagan. Shu bois hozircha mavjud yodgorliklar, ob’ektlar yoki ularning nomlarini bekor qilish yoki o‘zgartirish bo‘yicha amaliy qaror qabul qilinmagan.
Ma’lumot uchun: Ernesto Gevara de la Serna 1928-yilda, Lionel Messi esa 1987-yilda Rosario shahrida tug‘ilgan. Har ikki shaxs ham ushbu shaharning xalqaro miqyosda eng mashhur va tanilgan vakillaridan hisoblanadi.
(Ushbu maqola O‘zA va LANA axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq tayyorlandi)
O‘.Alimov, O‘zA