Nega Farg‘ona viloyatida korxona va tashkilotlar ko‘paymoqda?
2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni (dehqon va fermer xo‘jaliklarisiz) 39,2 mingtani tashkil etdi. Shundan 32,6 mingta yoki 83,1 foizi kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yilning mos davriga nisbatan korxona va tashkilotlar sonining o‘sish sur’ati 106,7 foizni tashkil etdi. Kichik biznes va mikrofirmalar sonida esa o‘sish yanada yuqori bo‘lib, 107,8 foizga yetdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘payib borayotgani hududda ishbilarmonlik muhitining yaxshilanayotgani, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani hamda iqtisodiy faollikning oshib borayotganidan dalolat beradi, albatta. Ammo bunda mahalla yettiligi instituti joriy qilingani ham muhim o‘rin tutadi. Hozir ularning targ‘ibot-tashviqoti, kredit olishdagi ko‘magi tufayli kichik biznes va xususiy tadbirkorlar soni sezilarli darajada o‘sdi.
Korxona va tashkilotlar sonining ko‘payib borayotgani esa viloyat iqtisodiyotining diversifikatsiyalashuvi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Qolaversa, yana bir haqiqat bor: bu viloyat rahbarlarining xorijiy hamkor, investorlar bilan samarali muloqotlari natijasidir. Masalan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘nggi bir hafta ichida AQSH, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Xitoy kabi mamlakatlarning yirik kompaniya vakillari, ishbilarmon doiralari, investorlari bilan 27-marta uchrashibdi va ularning barchasi Farg‘onada o‘z biznesini ochgan yoki ochishga qat’iy qaror qilgan investorlardir.

Korxona va tashkilotlar Farg‘ona shahrida 7 073 ta, Qo‘qon shahrida 3 939 ta, Quvasoy shahrida 1 509 ta, Marg‘ilon shahrida 2 823 ta, Oltiariq tumanida 2 314 taga to‘g‘ri keladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA