Xalqaro ilmiy diplomatiya e’tirofi
Yevropa islom markazlari uyushmasi (EOIC) tomonidan Shveysariyada chop etiladigan nufuzli xalqaro “Li taorafuv” (ar.: “Bir-biringizni tanishingiz uchun”) jurnalining navbatdagi sonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov bilan o‘tkazilgan keng qamrovli suhbat chop etildi.
E’tiborli jihati shundaki, o‘zbek olimi bilan uyushtirilgan ushbu musohaba anonsi jurnalning bosh muqovasidan joy olgan.

Suhbatda Sh.Ziyodov dastlab Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilish tarixi, uning maqsad va vazifalari xususida to‘xtalgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ochilgan ushbu muassasa qisqa davr ichida islom sivilizatsiyasi va hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy merosini tizimli tadqiq etuvchi nufuzli markazga aylangani qayd etilgan.
Shuningdek, markaz direktori muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik va ilmiy diplomatiya aloqalariga alohida urg‘u berdi. Jumladan, eng yangi natijalar – islom olamining Turkiya va Jazoir kabi ilmiy markazlaridagi turdosh muassasalar, Kanada Islom sivilizatsiyasi instituti hamda Indoneziyaning tegishli vazirlik va universitetlari bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorlik aloqalari suhbatning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Bu borada imzolangan memorandumlar doirasida xorijlik tadqiqotchilar bilan qo‘shma loyihalar, tajriba almashuvlari va xalqaro ilmiy seminarlar muntazam tashkil etilayotgani ma’lum qilindi.

Intervyuda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samarasiga alohida to‘xtab o‘tildi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining qariyb 96,5 foizini musulmonlar tashkil etadi. Mamlakatda diniy ma’rifatni yoyishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zaro muvofiqlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Diniy ma’ruzalarda e’tiqodiy bag‘rikenglik, sof islomiy ta’limot, ma’naviy tarbiya va internetdagi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi yoshlar ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Islom manbalarini to‘g‘ri anglash maqsadida arab tilini o‘qitish, xususan, Hadis ilmi oliy maktabi huzurida “Qur’on va tajvid” kurslari zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalar asosida kengaytirilmoqda.
Davlat tomonidan diniy qadriyatlar to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda – yuzlab masjidlar yangidan qad rostladi va rekonstruksiya qilindi. Haj kvotasi oshirilib, har yili 15 ming nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi bu amalni to‘liq davlat ko‘magida ado etmoqda.
Suhbatda jamiyat barqarorligini ta’minlash va sog‘lom ma’naviy muhitni asrash masalasiga ham keng o‘rin ajratildi. Sh.Ziyodov islom dinining asl insonparvarlik, tinchliksevarlik va bag‘rikenglik mohiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri yetkazish muhimligini ta’kidladi. Ajdodlar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganish va targ‘ib qilish orqali yoshlarda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi mustahkam immunitet shakllantirilayotgani aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, jurnalxonlarga markazning nashr faoliyati, xususan, nodir qo‘lyozmalarni tadqiq etish, tarjima qilish va ilmiy iste’molga kiritish borasidagi salmoqli yutuqlari taqdim etildi. Chop etilayotgan yangi kitoblar, darslik va qo‘llanmalar nafaqat yurtimizda, balki xalqaro ilmiy doiralarda ham katta qiziqish bilan qarshi olinayotgani bayon qilindi.
Suhbat yakunida Sh.Ziyodov markazning istiqboldagi rejalari, raqamli texnologiyalarni yanada unumli tatbiq etish, qo‘lyozmalarning elektron bazasini kengaytirish va jahon sharqshunoslik markazlari bilan yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lumot uchun, “Li taorafuv” xalqaro jurnali diniy bag‘rikenglik, vasatiylik (mo‘’tadillik) g‘oyalarini targ‘ib qilish, turli madaniyat va millat vakillari o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy robitalar o‘rnatish maqsadida Yevropa miqyosida chop etiladigan yetakchi nashrlardan biridir. O‘zbekiston ilmiy muassasasi rahbari ovozining ushbu nashrda yangrashi mamlakatimizning xalqaro madaniy-gumanitar maydondagi nufuzi ortib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
G‘.Hasanov, O‘zA