Navro‘z arafasida yangi bog‘cha foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan ta’minlash hamda ular uchun zamonaviy va xavfsiz muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar doirasida Guliston tumanidagi 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofada foydalanishga topshirildi.
Yangi ta’lim-tarbiya maskanining ochilishi Navro‘z bayrami arafasiga to‘g‘ri kelib, bolajonlar va ularning ota-onalari uchun munosib bayram tuhfasiga aylandi. Tantanali tadbirda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, mas’ul tashkilotlar mutasaddilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etishdi.

– Yangi binoda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar farzandlarimizning sog‘lom, bilimli va barkamol bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi, – dedi tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, rekonstruksiya qilingan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi 300 nafardan ziyod bolani qamrab olish imkoniyatiga ega. Muassasa binosi keng va yorug‘ xonalar, zamonaviy mebel va o‘quv jihozlari bilan jihozlangan. Shuningdek, bolalarning jismoniy rivojlanishi va mazmunli dam olishi uchun xavfsiz o‘yin maydonchalari barpo etilgan, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan infratuzilma yaratilgan.

Qayd etish joizki, mazkur muassasa 1989-yilda barpo etilgan bo‘lib, shu kunga qadar kapital ta’mirdan chiqmagan edi. Ilgari binoda 240 nafar bola tarbiyalanib kelgan. Rekonstruksiya ishlari natijasida muassasaning quvvati oshirilib, bolalar uchun yanada zamonaviy va qulay ta’lim muhiti shakllantirildi.

Qurilish-ta’mirlash ishlari “Injener Me’mor Qurilish” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 7 milliard 588 million so‘mni tashkil etdi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, yangi maktabgacha ta’lim muassasasining foydalanishga topshirilishi hududda maktabgacha ta’lim bilan qamrovni oshirish, bolalarga sifatli ta’lim va tarbiya berish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Navro‘z bayrami arafasida ochilgan ushbu zamonaviy bog‘cha bolajonlar va ularning ota-onalariga katta quvonch bag‘ishladi. Bolalarning beg‘ubor kulgisi va shodon qiyofalari ishtirokchilar kayfiyatini yanada oshirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri