Navoiyning tasvirini tarixga muhrlagan musavvir
XVI asrda Buxoro zaminida ijod qilgan bir mo‘yqalam sohibi nafaqat yangi san’at maktabiga asos soldi, balki Alisher Navoiyning bugungi kungacha yetib kelgan tasvirini ham yaratdi.
Temuriylar davrining madaniy poytaxti Hirot 1507-yilda Shayboniyxon tomonidan zabt etilishi bilan tarix sahnasida yangi davr boshlandi. Ushbu siyosiy o‘zgarishlar nafaqat davlatlar taqdirini, balki butun bir mintaqaning madaniy hayotini ham o‘zgartirib yubordi. Movarounnahrda yangi sulola hukmronligining o‘rnatilishi bilan Hirotdagi ko‘plab olimlar, shoirlar va san’atkorlar o‘zga yurtlardan panoh izlashga majbur bo‘ldi. Ular orasida Kamoliddin Behzoddek buyuk dahodan ta’lim olgan, uning “Nigoriston”ida kamol topgan Mahmud Muzahhib ham bor edi. Aynan shu tarixiy burilish uning taqdirini Buxoro bilan bog‘ladi va bu yerda Markaziy Osiyo tasviriy san’ati rivojida yangi sahifa ochgan Buxoro miniatyura maktabining poydevorini qo‘yishga zamin yaratdi.
Mahmud Muzahhib Hirotda Husayn Boyqaro saroyining naqqoshi sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, ijodining gullagan davri aynan Buxoroda kechdi. U bu yerga shunchaki qochqin sifatida emas, balki Behzod maktabining eng ilg‘or an’analarini o‘zida mujassam etgan mohir usta sifatida qadam qo‘ydi. Ustozining nafis uslubini yangi zaminda davom ettirar ekan, uni mahalliy an’analar bilan boyitdi va natijada o‘ziga xos, takrorlanmas badiiy yo‘nalishga asos soldi. Uning mo‘yqalamidan chiqqan asarlar ranglarning yorqinligi, shakllarning aniqligi va kompozitsiyaning o‘ziga xosligi bilan ajralib turardi. Musavvir asar qahramonlarining ichki kechinmalarini, ularning xarakterini yuksak mahorat bilan tasvirlar, ranglar va shakllarning nozik tovlanishlari orqali kuchli hissiy ta’sirga erishardi. Bu jihatlar, ayniqsa Nizomiyning “Maxzan ul-asror” dostoniga ishlangan “Sulton Sanjar va to‘quvchi kampir” miniatyurasida yaqqol namoyon bo‘ladi.
XVI asrning 30–40 yillariga kelib, Mahmud Muzahhib ijodi yangi bosqichga ko‘tarildi. U o‘z davrining yetuk portretchisi sifatida shuhrat qozondi. Uning ijodiy faoliyatining bu davrida yaratilgan asarlar musavvirning yuksak san’atidan darak beradi. Biroq, uning nomini asrlar osha o‘chmas qilgan eng mashhur asari, shubhasiz, Alisher Navoiyning mo‘yqalamda chizilgan siymosidir. Adabiyotshunos olim Ergash Ochilovning qayd etishicha, hozirda Mashhaddagi “Ostoni Quds” kutubxonasida saqlanayotgan ushbu portret 1500-yilda chizilgan. Unda buyuk shoir keksalik chog‘ida, bir oz bukchaygan holda, qo‘lida hassa bilan tasvirlangan. Suratning yuqori qismiga “Surati Amiri Kabir Mir Alisher”, pastki qismiga esa “Amali Mahmud Muzahhib” deb yozib qo‘yilgan.
Ehtimol, Mahmud Muzahhib ushbu portretni o‘zidan avval ustozi Behzod tomonidan chizilgan asl nusxadan ko‘chirgan bo‘lishi mumkin. Lekin aynan Muzahhibning ishi bizgacha yetib kelgan va uning tarixiy ahamiyati ham shunda. 1931-yili Londonda o‘tkazilgan Eron san’ati ko‘rgazmasida namoyish etilgan bu surat, keyinchalik O‘zbekistonda yaratilgan barcha Navoiy tasvirlari uchun asos, o‘ziga xos namuna vazifasini o‘tadi. Shu tariqa, Mahmud Muzahhib nomi Alisher Navoiy siymosi bilan chambarchas bog‘landi. Uning ijodi nafaqat san’at hodisasi, balki millatning buyuk farzandi qiyofasini kelajak avlodlar uchun saqlab qolgan tarixiy manba hamdir. Uning Buxoroda shakllantirgan maktabi esa mintaqada miniatyura san’atining uzoq yillar davomida rivojlanishini ta’minladi.
Mahmud Muzahhibning ijodiy merosi bugun dunyoning eng nufuzli kutubxonalarida saqlanmoqda. Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan Nizomiy dostoniga ishlangan miniatyuralar, Lissabondagi Gulbenkyan kolleksiyasidagi Sa’diyning “Bo‘ston”iga chizgan suratlari uning nomini jahon san’ati tarixiga zarhal harflar bilan yozib qo‘ydi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA