"Davraga kel, dugonajon!" tadbiri o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan "Davraga kel, dugonajon!" ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Qizlarni ilm-fan, kasb-hunar, axborot texnologiyalari, sport va ijodga keng jalb etish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish hamda hayotiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mazkur loyiha yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, mustaqil fikrlaydigan va tashabbuskor avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir doirasida motivatsion uchrashuvlar, soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqotlar, IT va STEM yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, sport musobaqalari hamda ijodiy tanlovlar tashkil etildi. Shuningdek, huquqiy, tibbiy va psixologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilib, erta nikoh, erta onalik, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga oid masalalar muhokama qilindi.
— Har bir qiz o‘z orzusi va iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoit yaratish ustuvor vazifalarimizdan biridir. “Davraga kel, dugonajon!” loyihasi qizlarni ilm-fan, kasb-hunar, ijod va sportga keng jalb etish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda mustaqil hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bugun bilim olishga intilgan, o‘z ustida ishlayotgan va tashabbuskor har bir qiz ertaga mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassis, tadbirkor yoki rahbar bo‘lib yetishadi. Shuning uchun har bir qizning iqtidori va orzu-intilishini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratamiz, — deydi Shirin shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dildoraxon Umarova.

Tadbirning yana bir muhim jihati ishtirokchilarning huquqiy, tibbiy va psixologik savodxonligini oshirishga qaratilgan muloqotlar bo‘ldi. Mutaxassislar sog‘lom turmush tarzi, shaxsiy xavfsizlik, erta nikoh va erta onalikning salbiy oqibatlari, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berib, ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob qaytardi.
Tadbir yakunida qizlar ilm-fan, kasb-hunar, ijod va sport sohalaridagi qobiliyatlarini namoyon etib, o‘z g‘oya va tashabbuslari, kelgusi maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, liderlik qobiliyatini shakllantirish va Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois bunday loyihalar qamrovini yanada kengaytirish va ularga ko‘proq yoshlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratamiz, — dedi Dildoraxon Umarova.
Tadbir yana bir bor iqtidorli va bilimli qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun o‘z imkoniyatlarini namoyon etishga xizmat qiladigan muhit yaratish mamlakatning barqaror taraqqiyoti va Yangi O‘zbekiston kelajagiga qaratilgan eng muhim sarmoyalardan biri ekanini namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri