Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Konimex tumanida yaylov va cho‘l hududlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya kiritib, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtirilmoqda.
“Navoiy World Agrotech” MCHJ tomonidan “Yuksalish” MFY Kengsoy hududida o‘zlashtirilgan maydonlarga investitsion loyiha doirasida chigit qadash ishlari bajarilmoqda.

Qariyb 50 gektar maydonda chigit 76x10 sxema bo‘yicha qo‘shqator usulda, plyonka ostiga ekilmoqda.

Mazkur hududda oziqlantirishning barcha bosqichlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, bu suv tejamkorligi va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida yerni tekislash ishlari maxsus lazer texnologiyasi yordamida amalga oshirilmoqda.
***
Uchquduq tumanida aholiga yanada qulaylik yaratish va sifatli mahsulotlarni taqdim etish maqsadida “Roziya - Hasanjon” MCHJ ta’sischiligida yangi zamonaviy gilamlar savdo majmuasi foydalanishga topshirildi.

5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga qurilgan mazkur ikki qavatli bino zamonaviy dizaynda bo‘lib, tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirildi.

Majmuada 4 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ayni paytda “Roziya - Hasanjon” MCHJ da 10 dan ortiq uchquduqliklarning bandligi ta’minlangan.

Bu yerda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning 1000 dan ortiq assortimentdan iborat mahsulotlari asosan sifat va nafosat uyg‘unligida aholiga taqdim etilmoqda.
***
Bugungi kunda Navoiy viloyatida suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 106 ming 319 tani tashkil qiladi. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan suyultirilgan gazdan foydalanadigan mazkur iste’molchilarga har 35-40 kunda belgilangan reja asosida maishiy gaz ballonlar yetkazib berilmoqda. Maishiy gaz ballonlar shaffoflikni ta’minlash maqsadida Face-ID tizimi asosida aholiga yetkazilishi ta’minlanmoqda.

Joriy yilning birinchi choragi davomida viloyat aholisiga jami 3 ming 339,8 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
– Tumanimizda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 3005 tani tashkil etadi, – deydi “Uchquduqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Shahboz Toshmurodov. – Iste’molchilarga suyultirilgan gaz Face-ID tizimi orqali yetkazib berilmoqda. Bu uchun xodimlarni planshet bilan ta’minlanganmiz. Tumanning eng uzoq cho‘l hududida joylashgan ovullarida istiqomat qiluvchi aholiga ham shu tizim asosida maishiy gaz ballon yetkazilyapti.
Viloyat bo‘yicha iste’molchilarga maishiy ballonda suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonlari davom etmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri