Chiqindidan qarzdorlik: Muammoni qanday hal qilish mumkin?
Bugungi kunda ko‘plab fuqarolar uy-joyda ro‘yxatda turgan aholi soni bilan bog‘liq noaniqliklar sabab kommunal xizmatlar bo‘yicha ortiqcha qarzdorlik yuzaga kelayotganidan norozi.
Ayniqsa, chiqindilarni olib ketish xizmatida abonentlar sonining noto‘g‘ri hisoblanishi ortiqcha to‘lovlarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, bunday holatlarda ma’lumotlarni aniqlashtirish tartibi muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, xonadondagi ortiqcha aholi soni tufayli yuzaga kelgan qarzdorlikni qanday aniqlashtirish mumkin?
Mazkur savol yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bosh mutaxassisi Ulug‘bek Omonov quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
— Bugungi kunda “Toza makon” yagona billing tizimi bir qator davlat idoralari bilan integratsiya qilingan. Jumladan, ichki ishlar organlarining doimiy va vaqtincha ro‘yxatda turuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarini onlayn ko‘rish imkoniyati mavjud.
Abonentlar soniga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha murojaat qilinganda Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasi orqali doimiy va vaqtincha ro‘yxatda turuvchilar onlayn tarzda tekshiriladi. Agar mazkur bazaga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lsa, u holda “Toza makon” tizimidagi ma’lumotlar bilan avtomatik ravishda moslashtiriladi.
Shu tariqa, fuqarolar o‘z vaqtida tegishli idoralarga murojaat qilish orqali ortiqcha hisoblangan qarzdorlikni bartaraf etishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA