Navbahor tumanidagi 8-maktabda yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi
Yurt taraqqiyoti, avvalo, ta’lim va tarbiyaga bo‘lgan e’tibordan boshlanadi. Shu bois bugun hududlarda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilgan ishlar ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasi bo‘ldi. Maktabda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamkorligida, Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.

“Muzaffar Shahribonu poydevori” MCHJ tomonidan 3 milliard 400 million so‘m mablag‘ evaziga 240 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi barpo etildi. Shu bilan birga, maktabning mavjud binosida ham joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.
Yangi o‘quv binosining ochilish marosimida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, qishloq joylarda zamonaviy ta’lim infratuzilmasini yaratish muhim ahamiyatga ega. Yangi o‘quv binolari, ta’mirlangan sinf xonalari va qulay ta’lim muhiti yoshlarning sifatli bilim olishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri