Namunali tomorqachi ayollar tajribasi ommalashtirilmoqda
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi hamda partiyaning tuman Kengashi hamkorligida “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori!” loyihasi asosida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va tomorqa yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalar ommalashtirildi.
Mahorat darsi ishtirokchilari tumanning “Nurobod” mahallasida yashovchi faol tomorqachi Mavluda Mavlonovaning xonadonida bo‘lib, uning tajribasi bilan yaqindan tanishdi. U 10 sotix maydonda bulg‘or qalampiri yetishtirib, mavsum yakuniga qadar 50 million so‘mgacha daromad olishni rejalashtirgan. Shuningdek, 5 sotix maydonda tashkil etilgan issiqxonada pomidor parvarishlab, qo‘shimcha daromad manbaini yaratgan.

Tadbir davomida ishtirokchilarga tomorqadan unumli foydalanish, issiqxona tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va bozorga chiqarish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi. Namunali tomorqachi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, tomorqachilikni chorvachilik va gulchilik bilan uyg‘unlashtirish orqali oila daromadini yanada oshirish mumkinligini ta’kidladi.

– «Namunali tomorqachi ayol» shunchaki tashabbus yoki loyiha emas. Uning zamirida aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, oilalar daromadini ko‘paytirish va har bir qarich yerdan samarali foydalanish g‘oyasi mujassam. Bugun o‘z mehnati bilan namuna ko‘rsatayotgan ayollar tajribasi boshqa oilalar uchun ham amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda. Shu bois bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish, qamrovini oshirish va ilg‘or tajribalarni mahallalarda ommalashtirish yuzasidan O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi hamda partiyaning tuman va shahar kengashlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi rahbari Shoxista Bozorboyeva.
Tadbirda partiya faollari, mahalla xotin-qizlari va tomorqachilikka qiziquvchi ayollar ishtirok etishdi. Ular mahsulot yetishtirishning zamonaviy usullari, suv resurslaridan tejamkor foydalanish, hosildorlikni oshirish va mahsulotni sotish mexanizmlari bo‘yicha tavsiyalar olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri