Murojaatlar bilan eng yomon ishlaydigan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
Markaziy bank 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi yuzasidan tahlil natijalarini e’lon qildi. Unda mijozlar shikoyatlari soni, ularni ko‘rib chiqish sifati va murojaatlarga munosabat darajasi asosida banklar faoliyati baholangan.
Ta’kidlanishicha, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda bank xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Markaziy bank va boshqa davlat idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilib boriladi. Ana shu tahlillar asosida shakllantirilgan reytingda ayrim tijorat banklarida murojaatlar bilan ishlash tizimi yetarli darajada samarali emasligi aniqlangan.
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkich qayd etilgan banklar ro‘yxatida birinchi o‘rinni «Biznesni rivojlantirish banki» egalladi. Keyingi o‘rinlardan «Anorbank» va «Mikrokreditbank» joy olgan.
Shuningdek, «AVO bank» hamda «TBC bank» ham mijozlar murojaatlari bo‘yicha salbiy ko‘rsatkichga ega banklar qatoriga kiritilib, reytingning to‘rtinchi va beshinchi pog‘onalaridan o‘rin oldi.

Markaziy bankning qayd etishicha, mazkur banklarda asosan quyidagi muammolar kuzatilmoqda. Xususan, bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga to‘liq va aniq ma’lumot berilmasligi, murojaatlarga o‘z vaqtida hamda sifatli javob taqdim etilmasligi kabi muammolar kuzatilgan. Shuningdek, takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarning bartaraf etilmayotgani, masofaviy xizmatlar, to‘lov operatsiyalari va kreditlar bilan bog‘liq muammolarning kechiktirib hal etilishi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarining yetarli darajada ishlamayotgani singari muammolar kuzatilmoqda.
Bank tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda nafaqat moliyaviy barqarorlik, balki mijozlar bilan ochiq va samarali muloqot ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois murojaatlarni tezkor va sifatli ko‘rib chiqish, kelib chiqayotgan muammolarni tizimli hal etish har bir bank faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Markaziy bank esa bank xizmatlari sifati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha monitoring ishlarini izchil davom ettirishini ma’lum qildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA