Namanganda g‘o‘za parvarishidagi agrotexnik tadbirlar o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan tumanida bo‘lib, g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning bajarilish holatini o‘rgandi.
Dastlab «G‘ayrat» MMTP hududidagi «Zarbdor G‘ayrat omad» fermer xo‘jaligida zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish, sug‘orish, oziqlantirish va kultivatsiya ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha fermerlarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, «G‘ayrat zamin» fermer xo‘jaligida g‘o‘za chekankasini o‘z vaqtida o‘tkazish va o‘sishni boshqaruvchi vositalardan samarali foydalanishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
[gallery-30394]
Ishchi guruh «Turkiston» MMTP hududidagi bir qator fermer xo‘jaliklarida ham g‘o‘za maydonlarini ko‘zdan kechirdi. «Tepaqo‘rg‘on marjonguli» fermer xo‘jaligida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimi suv va vaqt tejash, mehnat unumdorligini oshirish hamda g‘o‘zaning barqaror rivojlanishini ta’minlayotgani qayd etildi.
O‘rganishlar davomida «Zarbdor 30 kunlik» davrida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish yuqori hosildorlikni ta’minlashda muhim omil ekani ta’kidlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA