RASMIY MUNOSABAT: Kitob tumanida epidemiologik vaziyat to‘liq nazoratga olingan
Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumani “Varganza” mahallasida bir oilaning uch nafar a’zosida quturish kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi:
“Joriy yilning 10-iyul kuni Kitob tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan. Epidemiologik surishtiruv davomida bemorni taxminan bir oy avval tulki bolasi tirnagani aniqlangan.
Afsuski, u joriy yil 11-iyul kuni vafot etgan. Hozirgi vaqtda vafot etgan fuqaroning o‘lim sababi yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, mazkur hududda yashovchi uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularda quturish kasalligining klinik belgilari aniqlanmadi. Ayni paytda ushbu fuqarolar shifokorlar nazoratiga olinib, zarur profilaktik emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Qolaversa, Kitob tumanida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya mutaxassislari hamkorligida epidemiologik vaziyat to‘liq nazoratga olingan”.
Shuningdek rasmiy munosabatda fuqarolardan ortiqcha xavotirga berilmaslik, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa asossiz va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘ralgan.
M.Qosimova, O‘zA