Namangan tajribasi sifatida “aql markaz”lari joriy etiladi
Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining yigirma to‘rtinchi sessiyasida viloyatning shahar va tumanlarida qo‘shimcha zaxira hamda imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da Prezident Administratsiyasi vakillari, Oliy Majlis Senati a’zolari, deputatlar, mahalliy Kengash raislari, respublika vazirlik va idoralarining mas’ul rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan sessiya ishini xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi raisi, deputat Solijon Mo‘minov olib bordi.
Dastavval, Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov davlatimiz rahbarining 2026-yil 23-iyunda Namanganga tashrifidan kelib chiqadigan muhim vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Mazkur muhim tashrif davomida berilgan vazifalar ijrosi hamda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga ilm-fan, innovatsiyalar va ilmiy asoslangan yondashuvlarga tayangan holda erishish lozimligi qayd etilib, hududlar bilan ishlashga ilmiy yondashuv olib kirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Bu borada “Namangan tajribasi” sifatida viloyatning shahar-tumanlariga respublikadan 14 ta “aql markazi” biriktirildi. Ushbu tuzilmalar tomonidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 126 ta, shu jumladan, sanoat korxonalari faoliyatini tiklash bo‘yicha 39 ta, xizmatlar sohasini rivojlantirish yo‘nalishida 35 ta, ijtimoiy sohaga oid 21 ta, qishloq xo‘jaligida 18 ta, yo‘l infratuzilmasida 10 ta va boshqa yo‘nalishlarda uchta masala aniqlanib, qo‘shimcha zaxira hamda imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
[gallery-30340]
Bundan buyon doimiy hamkorlik qilish bo‘yicha Namangan viloyatiga “aql markazi” sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi biriktirildi. Sessiyada qatnashgan Prezident maslahatchisi Obid Hakimov “Namangan tajribasi” sifatida amalga oshirilayotgan yangi tizimning ahamiyatiga e’tiborni qaratdi.
Sessiyada, Namangan shahar va tumanlar hokimlari biriktirilgan “aql markazlari” bilan hamkorlikda qo‘shimcha zaxira hamda imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari” yuzasidan hisobot berdi.
Muzokaralarda har bir yo‘nalish va maskan bo‘yicha mavjud muammo hamda uning yechimi atroflicha tahlil qilinib, loyihalarni yanada takomillashtirish borasida fikr-mulohazalar almashildi. Bu bo‘yicha mas’ullar va deputatlarning takliflari tinglandi. Sessiya yakunida, unda ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.