237 ta dorixonada qonunbuzilishlar aniqlandi
Aholining sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat olib borilmoqda. Raqobat qo‘mitasi va Soliq organlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan raqamli hamkorlik bu borada qonunbuzilishlarni tezkor aniqlash imkonini bermoqda.
Xususan, 2026-yilning ikkinchi choragida Qo‘mitaning «Fair Tech» yagona axborot tizimiga kelib tushgan xabarlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 237 ta dorixonada (shundan 33 tasi ulgurji, 204 tasi chakana) 148 ming 810 ta holatda dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalari oshirib qo‘llanilgani aniqlandi.
Natijada 1,9 milliard so‘mlik asossiz daromad olingani ma’lum bo‘lib, ushbu mablag‘lar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi hamda ularning huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Bu natijalar dori vositalari narxlarini nazorat qilish borasida raqamli tizimlar samara berayotganini ko‘rsatadi. Raqobat qo‘mitasi mazkur yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari davom ettirilishi, qonun talablarini buzgan dorixonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi hamda ularning ro‘yxati ochiq e’lon qilib borilishini ma’lum qildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA