Mutolaa kelajakka yo‘l ochadi
Jizzaxda bolalar qalbiga nur sochuvchi, tafakkurga qanot bag‘ishlovchi yana bir ma’rifiy tadbir — “Kitobxon KIDS” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Sharof Rashidov nomidagi axborot-kutubxona markazi kitobni do‘st tutgan, bilimni qadrlagan yoshlar qalbini bir nuqtaga jamladi.
7-10 va 11-14 yosh toifasidagi ishtirokchilar o‘rtasida kechgan bellashuv shunchaki musobaqa emas, balki bolalar tafakkuri, dunyoqarashi va ma’naviy kamoloti sinovdan o‘tgan o‘ziga xos maydon bo‘ldi. Bu yerda har bir savol bilimga yo‘l, har bir javob kelajakka qadam edi.
Tanlov zamonaviy talablar asosida, to‘liq raqamli formatda tashkil etilgani uning yanada shaffof va adolatli o‘tishini ta’minladi. “Mutolaa” ilovasining maxsus platformasi orqali o‘tkazilgan test va kvest bosqichlari ishtirokchilarning nafaqat xotirasi, balki tezkor fikrlashi, tahlil qilish qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazdi. Belgilangan vaqt me’yori, avtomatik baholash tizimi va qat’iy nazorat qoidalari tanlovning xolisligiga xizmat qildi.
Ayniqsa, tanlov jarayonida inson omilining minimallashtirilishi, natijalarning dastur tomonidan avtomatik hisoblanishi — adolat va ishonch tamoyillarining amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu esa yosh ishtirokchilar qalbida “mening mehnatim xolis baholandi” degan ishonchni mustahkamladi.
Mazkur loyiha orqali ko‘zlangan asosiy maqsadlar haqida O‘zbekiston bolalar tashkiloti Jizzax viloyat bo‘limi boshlig‘i Shohista Jabborova shunday deydi:
— “Kitobxon KIDS” tanlovi, avvalo, bolalarni kitobga oshno qilish, ularning mutolaaga bo‘lgan mehrini uyg‘otishga qaratilgan. Bu yerdagi “KIDS” so‘zi shunchaki yosh toifasini anglatmaydi. U bolalikning beg‘ubor dunyosi, pok qiziqish va toza tafakkur ramzidir. Biz aynan shu poklikni asrab, uni kitob orqali boyitishni maqsad qilganmiz. Tanlov orqali nafaqat bolalar, balki ota-onalar, hatto butun jamoatchilik o‘rtasida kitobxonlik muhitini shakllantirishga erishmoqdamiz. Chunki kitob o‘qigan bola fikrlaydigan, tahlil qiladigan va ertangi kunga tayyor shaxsdir.
Darhaqiqat, tanlov nizomida belgilanganidek, uning asosiy mohiyati — yosh avlodni kitob o‘qishga jalb qilish, mustaqil fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat. Bu esa oddiy musobaqadan ko‘ra kengroq — ma’naviy harakat, ma’rifat yo‘lidagi tizimli sa’y-harakatdir.
Tanlov jarayonida ishtirokchilarga 40 ta test va 10 ta kvest savolidan iborat bosqichlar taqdim etildi. Qisqa vaqt ichida eng to‘g‘ri va aniq javoblarni topgan ishtirokchilar g‘oliblikka da’vogar bo‘ldi. Bu esa yoshlarning bilim bilan birga vaqtni qadrlash, tezkor qaror qabul qilish kabi hayotiy ko‘nikmalarini ham mustahkamladi.
Eng muhimi, bu tanlov orqali bolalar qalbida kitobga bo‘lgan muhabbat urug‘i yanada chuqurroq ildiz otdi. Chunki kitob insonni anglash, hayotni tushunish va kelajakni qurish vositasidir.
[gallery-29164]
Xulosa qilib aytganda, “Kitobxon KIDS” tanlovi Jizzaxda nafaqat eng zukko yosh kitobxonlarni aniqladi, balki jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishga xizmat qildi. Zero, mutolaa bilan kamol topgan avlod bu yurtning ertangi tayanchi, ma’naviy ustuni va taraqqiyot kafolatidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA