G‘alla kombaynlari mavsumga shay
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida joriy yilda 7100 gektar suvli maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarishlanmoqda. Mavsumga kelib tabiatning nisbatan mo‘’tadil kelishi, shuningdek, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi natijasida hosildorlik yuqori bo‘lishiga katta umid bildirilmoqda.
O‘zbekistonda g‘alla yetishtirish va uni o‘z vaqtida, yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Rasmiy agrar amaliyotlarda ta’kidlanishicha, o‘rim-yig‘im davrida texnik tayyorgarlik darajasi hosilning kamida 10-15 foizgacha yo‘qotilib ketishining oldini olishda hal qiluvchi omil sanaladi. Shu nuqtai nazardan Arnasoy tumanida kombaynlarni mavsumga shaylash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
– Galdagi eng muhim vazifalarimizdan biri — boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va yo‘qotishlarsiz yig‘ib olishda ishtirok etadigan kombaynlarni to‘liq shay holatga keltirish, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Arnasoy tumani bo‘limi boshlig‘i Odil Nurov. – Joriy mavsumda tumanda 25 ta yuqori unumli don o‘rish kombaynlari ishga jalb etilishi rejalashtirilgan. Shulardan 11 tasi “Keys”, 11 tasi “Klaas Domintor-130”, 2 tasi “Vektor-410” va 1 tasi “Lovo 4LZ-8V” rusumli texnikalardir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bugungi kunda zamonaviy kombaynlar faqat hosilni o‘rib-yig‘ish vositasi emas, balki agrotexnologik jarayonning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Shu bois ularning texnik holati, sozligi va xavfsizlik tizimlari alohida nazoratga olingan.
Tayyorgarlik jarayonida tuman bo‘yicha 994 million so‘mlik ehtiyot qismlar, shinalar, akkumulyator batareyalari, yonilg‘i-moylash materiallari va filtrlarga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan. Bu esa mavsumni uzilishlarsiz o‘tkazish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash zarurligini ko‘rsatadi.
Arnasoyda 2026-yil hosili uchun 299 nafar fermer xo‘jaligi va g‘allachilik klasteri tomonidan 7100 gektar maydonda don yetishtirilmoqda. Shartnomalarga muvofiq, davlat majburiyatlari doirasida 29 ming 580 tonna g‘alla topshirilishi belgilangan.
– “O‘zagroinspeksiya” tomonidan kombaynlarni ta’mirlash, ehtiyot qismlardan samarali foydalanish va mexanizatorlar uchun shart-sharoit yaratish masalalari kunlik monitoring asosida nazorat qilib borilmoqda, – deydi Odil Nurov. – Ayniqsa, uzel va agregatlarning sifatli ta’mirlanishi, servis xizmatlarining to‘liq bajarilishi, yoritish tizimlari ishlashi, yong‘inga qarshi vositalarning butligi hamda don to‘kilishining oldini olish uchun germetizatsiya ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, mavjud muammolarni tizimli hal etish va o‘rim-yig‘imni samarali tashkil qilish yuzasidan tuman hokimligiga tegishli taqdimnomalar kiritilgan.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi tizimli yondashuv g‘alla o‘rimini o‘z vaqtida yakunlash, yo‘qotishlarni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Arnasoy tajribasi esa mamlakat agrar sektorida texnik tayyorgarlik madaniyati bosqichma-bosqich mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA