Mustaqillikka munosib tuhfa
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “To‘rttom” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar uchun zamonaviy o‘quv markazi foydalanishga topshirildi. Yangi ta’lim maskani qishloq yoshlarining bilim olishi, kasb-hunar egallashi va zamonaviy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi uchun yaratilgan yana bir muhim imkoniyat sifatida e’tirof etilmoqda.
Ochilish marosimida tuman hokimligi mas’ullari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, yangi markaz mahalladagi yigit-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar berish, iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib shakllanishlariga xizmat qiladi. Bu yerda yoshlarning bilim olishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Loyiha “Ko‘mak” dasturi doirasida amalga oshirildi. Unga 130 million so‘m miqdorida ssuda mablag‘i yo‘naltirildi. Tashabbuskor tadbirkor Ahmadali Ergashev tomonidan qisqa muddatda qurilish ishlari sifatli bajarilib, zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv markazi barpo etildi.
Ushbu tashabbus davlat tomonidan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va yoshlar uchun ta’lim infratuzilmasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ayniqsa, chekka hududlarda zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirishga qaratilgan “Ko‘mak” loyihasi bu borada samarali mexanizm sifatida o‘zini oqlamoqda.

Bu kabi loyihalar mamlakatimizda yoshlar siyosatiga oid islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etilishi hamda ular uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Zomin tumanida foydalanishga topshirilgan mazkur o‘quv markazi ana shu vazifalarning amaldagi ijrosini ta’minlashga xizmat qilayotgan muhim loyihalardan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir so‘nggida o‘quv markazining ramziy alvon bog‘ichi kesilib, ishtirokchilar zamonaviy o‘quv xonalari, mashg‘ulotlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda qishloq yoshlari ixtiyoriga taqdim etilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.

Ishonch bildirilganidek, yangi o‘quv markazi “To‘rttom” MFY va Zomin tumani yoshlari uchun ilm-ma’rifat hamda kasb-hunar o‘chog‘iga aylanib, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib kamol topishiga munosib hissa qo‘shadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri