Zakovatda eng bilimdon mahallalar aniqlandi
Oqoltin tumanida aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar va keng jamoatchilik o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish, shuningdek, mahallalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlashga qaratilgan "Zakovat" intellektual o‘yinining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur intellektual bellashuvda tumandagi 11 ta mahalladan shakllantirilgan 11 ta jamoa ishtirok etib, turli mavzularni qamrab olgan savollar orqali o‘z bilim saviyasi, tezkor fikrlash qobiliyati va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar davomida ishtirokchilar nafaqat o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi, balki o‘zaro tajriba almashib, intellektual muhitning yanada boyishiga munosib hissa qo‘shdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur intellektual tanlov aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bilimga intilishni rag‘batlantirish, kitobxonlikka qiziqishni oshirish, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Bellashuv yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilarning bilim saviyasi, mantiqiy fikrlashi va jamoaviy hamjihatligi asosida eng kuchli jamoalar aniqlandi. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rinni "Ahillik" mahallasi jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘ringa "Mustaqillik" mahallasi jamoasi, 3-o‘ringa esa "Yangi hayot" mahallasi jamoasi sazovor bo‘ldi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tantanali ravishda taqdirlanib, Mahalla uyushmasining Oqoltin tuman bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA