Mustaqillik — erkinlik, do‘stlik va katta mas’uliyat (+video)
O‘zbekiston Qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Rahmatilla Jabborov bilan suhbatda mustaqillik yillarida yurtimizda turli millat va elat vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlar, millatlararo totuvlik va do‘stlik, yoshlar tarbiyasi hamda Vatanga xizmat qilishning ahamiyati haqida so‘z bordi.
— Mustaqillik, eng avvalo, bizga erkinlik berdi. Ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlarimizni o‘z o‘rniga qo‘ydi. Eng muhimi, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamladi.
Bugun O‘zbekistonda turli millat vakillari bir oiladek yashab kelmoqda. Qaysi tuman, shahar yoki viloyatga bormang, xalqimizning mehr-oqibati, bag‘rikengligi va ahilligini ko‘rasiz.
Bugun yurtimizda insonlarga erkinlik berilib, ularning orzu-umidlarini amalga oshirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu juda katta gap.
O‘zbekistonda yashayotgan qirg‘iz millati vakillari ham bugungi sharoitlardan mamnun. Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Surxondaryo kabi viloyatlarda qirg‘iz millati vakillari istiqomat qiladi.
Milliy madaniyatimizni rivojlantirish, urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda, milliy bayramlar va turli madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Men uchun 2026-yil hayotimda juda muhim va unutilmas voqealarga boy yil bo‘ldi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmonlari bilan ko‘p yillik mehnatlarim uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi» faxriy unvoni bilan taqdirlandim.
Bu unvon men uchun nafaqat yuksak e’tirof, balki katta mas’uliyat hamdir. U menga yanada katta motivatsiya berdi. Mamlakatimiz, xalqimiz va yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq xizmat qilishga harakat qilaman.
Yoshim 75 da bo‘lsa-da, bir kun ham bekor o‘tirmayman. Chunki inson doimo harakatda bo‘lishi kerak. Insonning harakati, avvalo, o‘ziga, qolaversa jamiyatga, xalqqa va yoshlarga foyda keltirishi zarur.
Menga «murabbiy» degan unvon berilgan ekan, bundan Allohga shukr qilaman. Bu menga yana bir kuch va energiya berdi. Bor bilim va tajribamni yoshlarga berishga harakat qilaman. Chunki keyingi avlod biz kim bo‘lganimizni, bugun kimga aylanganimizni va ota-bobolarimiz kim bo‘lganini bilishi kerak. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimizning hayoti va merosini yoshlarimiz chuqur o‘rganishi zarur.
Biz, qirg‘iz millati vakillari ham O‘zbekistonda yaratilayotgan tinch va farovon hayotdan mamnunmiz. O‘zbekistonda tug‘ilganimdan faxrlanaman va g‘ururlanaman.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0JccyHpSb8s" title="Mustaqillik — erkinlik, do‘stlik va katta mas’uliyat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O.Davronov (video), A.Ahmedov (montaj), O‘zA