13 mingdan ortiq o‘quvchiga maktab formasi va o‘quv qurollari sovg‘a qilindi
Yangi o‘quv yili arafasida yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shu doirada respublika bo‘ylab 13 mingdan ortiq o‘quvchiga maktab formasi, o‘quv qurollari va bayram sovg‘alari yetkazib berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan mamlakatdagi 2 ming 161 ta masjid xodimlari ishtirokida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Jami 11 ming 144 nafar o‘quvchiga maktab formasi va zarur o‘quv qurollari hadya qilindi. Ushbu xayriya tadbirlariga yo‘naltirilgan mablag‘ning umumiy qiymati 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etgan.
Xayrli ishlar «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham davom ettirildi. Fond tashabbusi bilan yana 1 ming 500 nafar yetim va chin yetim bolaga bayram sovg‘alari, maktab formasi hamda o‘quv qurollari topshirildi. Hududlar kesimida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar, Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchiga turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi.
Bunday ezgu tashabbuslar nafaqat bolalarni yangi o‘quv yiliga zarur jihozlar bilan ta’minlash, balki ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bir bolaning ta’limiga qilingan sarmoya — uning kelajagiga qo‘yilgan muhim qadam.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA