Mustaqil yurtning farzandi bo‘lish – baxt
Mustaqilligimizning 30 yillik ayyomini yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyati oldidagi yuksak obro‘-e’tibori, erishayotgan ulkan natijalariga munosib tarzda cheksiz quvonch va faxr tuyg‘ulari bilan kutib oldik.
Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar natijasida yurtimizga nisbatan jahon hamjamiyati tomonidan yangi O‘zbekiston istilohi keng qo‘llanilmoqda.
Yurtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida «Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi», deya bu tushunchaning bugungi hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyati naqadar yuksak ekanligini yana bir karra namoyon etdi.
Hech shubhasiz, bugun yurtimizda islohotlardan eng ko‘p bahramand bo‘layotgan, shuning barobarida, ulkan o‘zgarishlarga yuz tutgan sohalardan biri bu oliy ta’lim tizimidir. Prezidentimiz har bir nutqlari, har bir uchrashuvlarida bu sohaga albatta, to‘xtalib, uning yanada taraqqiy etishi uchun o‘z taklif va mulohazalarini bildirib kelmoqda.
Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasi o‘laroq, yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi esa 3 barobar oshirildi.
Bu natijalarga bevosita guvoh bo‘layotganimiz uchun hali uning qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini to‘liq anglamayotgandaymiz, nazarimda. Dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari tajribasini o‘rganar ekanmiz, aynan ta’lim tizimiga e’tibor tufayli ular shu darajaga yetganiga guvoh bo‘lamiz.
Ayni shu nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, xalqimizning faravon hayot kechirishi, yurtimizning hattoki, pandemiya davri bo‘lishiga qaramasdan iqtisodiy jihatdan dadil ildamlab borishida ayni shu tizimdagi islohotlarning ham ahamiyati beqiyos.
Xususan, bu jarayon badiiy ta’lim sohasida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ta’kidlash o‘rinliki, jahonga yangicha qarash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini sarbaland tutgan holda yuzlanayotgan yangi O‘zbekistonning san’ati va madaniyati ham tarixiy an’analar va zamonaviy qarashlar uyg‘unligida o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga chiqib bormoqda.
Bugun milliy san’atimizda o‘z fikri, uslubi va dunyoqarashiga ega yosh ijodkorlar avlodi shakllandi. Ular o‘z ijodi bilan ayni paytning o‘zidayoq san’at ahli va xalqimizning e’tirofiga sazovor bo‘lish, yurtimizdagi bunyodkorlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shish barobarida, jahondagi nufuzli ko‘rgazma-tanlovlarda ham munosib ishtirok etib, yangi O‘zbekiston san’ati dovrug‘ini yanada keng yoyilishiga xizmat qilib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida ta’kidlab o‘tganlaridek, «bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yo‘nalishlarda yuksak marralarni egallamoqda».
Ko‘p asrlar avval buyuk sarkarda bobomiz Amir Temur «Agar bizning qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq», deya ta’kidlagan edi. Prezidentimiz tashabbusi asosida bunyod etilgan hamda mustaqillik bayrami tantanalari bilan o‘z faoliyatini boshlagan yangi O‘zbekiston bog‘i va Mustaqillik monumentini ko‘rgan har bir yurtdoshimizning xayoliga Sohibqiron bobomizning ushbu so‘zlari kelgan bo‘lsa, ajabmas.
Negaki, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va Mustaqillik monumentiga davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning may oyida ilk nihollar ekilib, tamal toshi qo‘yilgan edi. Qisqa fursat davomida olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida yana bir muhtasham monument, xalqimiz uchun ulkan ma’rifat maskaniga aylanajak bog‘ barpo etildi.
Quvonarli tomoni, so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar hamda tahsil olayotgan talaba-yoshlar ham faol ishtirok etib, Vatanimizning yanada go‘zal qiyofa kasb etishida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
«Adiblar xiyoboni», “G‘alaba bog‘i” va «Yangi O‘zbekiston» bog‘i kabi majmualarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Xususan, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va Mustaqillik monumentining bunyod etilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, taniqli haykaltarosh Ilhom Jabborov, O‘zbekiston xalq rassomi Jasvant Annazarov, Bahrom Norboyev, O‘tkir Asrorov, Botir Hakimov kabi institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar hamda ayni shu ustozlardan ta’lim olib, bugun ijod maydoniga dadil qadam qo‘yayotgan talaba-yoshlar – Elmurod Ismoilov, Alisher Boqiyev, Sarvar Raximov Toxir Axmedov, Erkaboy Aminov, Abduqodir Ortiqboyev, Ma’ruf Pardayev, Behzod Ro‘ziboyev, Shixnazar Egamberdiyev ishtirok etishdi.
«Yangi O‘zbekiston» bog‘i haqida gap ketganda shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, ushbu maskanda bugun yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, ulkan islohotlarning ramziy ifodasi o‘laroq, tarix va bugun uchrashuvi o‘z aksini topgan. Tashrif buyurgan kishi xalqimizning bosib o‘tgan ko‘p ming yillik tarixi, bugungi dorulomon kunlarga bo‘lgan shukronalik tuyg‘ularining mufassal bayoniga guvoh bo‘ladi.
Prezidentimiz ta’riflaganlaridek, «Hech shubhasiz, ushbu majmua xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz uchun Vatanga muhabbat va sadoqat timsoliga, qutlug‘ ziyoratgoh, o‘ziga xos noyob madaniyat va ma’rifat, tarbiya markaziga aylanib qoladi».
Xulosa o‘rnida aytish o‘rinliki, mustaqillik degan ulug‘ ne’mat har birimizning zimmamizga unga xizmat qilish, Vatanimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdek ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Mana shu yurtda yashar ekanmiz, taqdirimizning Vatan taqdiri bilan bog‘liq holda tasavvur etar ekanmiz, avvalo bizga yuklatilgan har bir vazifani sidqidildan ado etmog‘imiz, Vatan manfaatini doimo eng birinchi darajada his etmog‘imiz darkor. Ana shunda yangi O‘zbekistonning fuqarosi va farzandi bo‘lishdek ulkan baxtga munosib bo‘lamiz.
Nodirbek Sayfullayev,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn
instituti rektori.