Murojaatlar e’tiborsiz qolmadi
Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi, 4-sektor rahbari D.Yuldashev “Ahmad Donish” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazdi. Qabulda Buxoro shahar Xalq qabulxonasi mas’ullari bilan birgalikda sektor ishchi guruhi hamda hududdagi tegishli tashkilotlar mas’ullari qatnashdi.
Qabulda fuqarolardan bandlik, uy-joy, kommunal-xo‘jalik, tadbirkorlik, moddiy yordam, sog‘liqni saqlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha 20 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
– Rahbarlar qabul jarayonida har bir murojaatni atroflicha muhokama etdi, – deydi Buxoro shahar Xalq qabulxonasi mudiri A. Bekmurodov. – Ularni ijobiy hal etish uchun mas’ullarga tegishli vazifalarni belgilab berdi. E’tiborlisi, murojaatlarning beshtasi shu yerning o‘zida hal etildi.
[gallery-15046]
Xususan, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Dilfuza Navro‘zova ham sayyor qabulda farzandi uchun ta’lim krediti ajratish bo‘yicha qilgan murojaati qanoatlantirilganidan xursand.
– Sayyor qabulda qilgan murojaatim o‘z joyida hal etildi, – deydi fuqaro D. Navro‘zova. – Bundan juda xursand bo‘ldim. To‘g‘risi, qo‘lim kaltalik qilib kredit to‘lashda qiynalayotgan edim. Mas’ullarga rahmat.
Bundan tashqari, sayyor qabul doirasida hududdagi kam ta’minlangan uch nafar shaxsga kundalik ehtiyojda zarur bo‘lgan oziq-ovqat va maishiy vositalar taqdim etildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari.