Bosh prokuratura: davlat xaridlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yuzasidan 36 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Bosh prokuraturaning Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi tomonidan “Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarning oldini olish choralari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Ochiq munozaralar tarzida o‘tkazilgan tadbirda “Davlat xaridlari bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlar bo‘yicha masalalar: tahlil va takliflar” hamda amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi, faoliyatdagi xato - kamchiliklarning oldini olish choralari muhokama qilindi.
Jumladan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, davlat buyurtmachilari tovarlar yetkazib beruvchi hamda xizmat ko‘rsatuvchilardan tanlov va elektron (birja) savdolar orqali tovar (ish, xizmat)lar xarid qilishi lozimligi hamda Byudjet kodeksining 122 - moddasi talabi bo‘yicha byudjet mablag‘i hisobidan tovarlarni yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar tegishli g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kirishi nazarda tutilganligi qayd etildi.

Qonun talablarini va amaldagi qonunchilik hujjatlarini hamda Bosh prokurorning sohaviy buyruqlari ijrosini qat’iy ta’minlash hamda qonunda prokuror ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlarda prokuror ishtirokini to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bilan birga, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun va mohiyati tushuntirilib, qonunlarni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Aniqlanishicha, Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq nizolarni ko‘rish amaliyotini o‘rganish natijasi bo‘yicha qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 36 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 124 nafar shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Byudjetdan 420,2 milliard so‘m undirish haqidagi 682 noqonuniy sud hujjati ustidan 203 shikoyat, 449 protest va 30 ariza kiritilib, qonunbuzilishi sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart - sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 41 taqdimnoma kiritilgan.
Shu bilan birgalikda, tadbir iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokurorlar tomonidan qonuniy, asosli va adolatli qarorlar chiqarilishi, sudlarning mustaqilligi va faqatgina qonunga bo‘ysunish prinsipiga qat’iy rioya qilish faoliyatini ta’minlash orqali odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashishga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA