Muqaddas tuprogʻim, jannatmonand Soʻx
Ayniqsa, yoʻllarimiz bir muddat ona-Vatandan ayro tushganida bunday tuygʻular mohiyatini yana-da teranroq anglab yetish mumkin.
Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!
Ota yurtning oftobda jizgʻanak boʻlib yotgan toshlari, dimoqni yoqimli ifori qitiqlaydigan giyohlari, jilgʻa soylari, mehmonga muntazir sharqona hovlilar boʻylab uchraydigan qiyofasi qadrdon, oʻzi notanish hamyurtlar, bularning barcha-barchasi suyukli va qadrlidir.
Ayniqsa, yoʻllarimiz bir muddat ona-Vatandan ayro tushganida bunday tuygʻular mohiyatini yana-da teranroq anglab yetish mumkin.
Bugungi kunda asrlarga tatigulik yangilanish va oʻzgarishlar tufayli xalqimiz eʼtiborida boʻlib kelayotgan Fargʻona viloyatining anklav hududi – Soʻx tumaniga borish uchun qoʻshni davlat hududida bir soatdan ortiq yoʻl bosgach, “Chashma” bojxona-chegara nazorat maskaniga yetib keldik. Hilpirayotgan davlatimiz bayrogʻini koʻrib, yuragimiz hapqirdi, vatan ostonasi, uning tuprogʻi jondek aziz ekanligini yana bir bor his etdik. Pasportlarimizga muhr urilgach, yurtimizning bir parchasi – Soʻx zaminiga qadam qoʻydik.
Toʻrt tomondan osmonoʻpar togʻlar bilan qurshab olingan bu maskanning tarovati oʻzgacha. Oloy tizmasining Qatrontogʻ, Obishir, Lazar kabi togʻlari yonbagʻirlarida joylashgan maftunkor Soʻx tumani oʻzining zilol buloqlari, joʻshqin soylari, koʻkka talpingan archalari, rango-rang gullariyu lolaqizgʻaldoqlari, hatto xarsangtoshlaridan ham giyohlarning hidi ufurib turadigan betakror tabiati bilan bu yerga kelgan kishida unutilmas, yorqin taassurotlar qoldiradi.
Qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasining Qadamjoy hamda Botken tumanlari bilan chegaradosh boʻlgan Soʻx vohasi Fargʻona viloyatining yuqori seysmik zonasida, dengiz sathidan 1400-1800 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi subtropik, yogʻingarchilik yillik hisobda oʻrtacha 250-274 mm. ni tashkil etadi. Bu yerdan Soʻx daryosi oqib oʻtadi. 1990-yil 27-fevralda, yaʼni istiqlolimiz arafasida Soʻx Fargʻona viloyatida alohida tuman sifatida qaytadan tashkil etildi.
Shu kunlarda davlatimiz rahbarining yuksak eʼtibori natijasida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Koʻhna tarixga ega Soʻx yangi Oʻzbekistonning bir boʻlagi sifatida chin maʼnoda yangilanyapti. Buyuk yaratuvchanlik ruhi bilan yashayotgan Soʻx bugungi kunda har qachongidan goʻzal, har qachongidan maftunkor. Bu goʻzallikni rassom eng yorqin ranglarda aks ettirishga chogʻlanadi, shoir eng latif soʻzlarni qidiradi. Yana bir muhim jihat. Bu maskanning eng asosiy boyligi sodda va samimiy, mehnatkash odamlaridir.
Chegaradan oʻtishingiz bilan Chashma qishlogʻi boshlanadi. Bulogʻining taʼrifini ortiqcha taʼriflashga hojat yoʻq. Bu suv jonga rohat bagʻishlaydi. Soʻx mevalarining oʻziga xos taʼmi ham balki shu suvdan bahramand boʻlganidadir.Toʻgʻrisi, qishloq odamlari maqtanishni, xushomadni xush koʻrmaydi. Ayniqsa, togʻ odamlari gapning dangalini aytadi.
–Chashmamiz oddiy buloq emas, tabarruk joy, -deydi shu qishloqlik mehnat faxriysi Akbarali Sheraliyev. – Suvini qoniqib ichgan insondan gʻubor ketadi, ruhi tetiklashadi. Qancha kishilar bu shifobaxsh suvdan ichib, darddan forigʻ boʻlmagan deysiz. Mana koʻrib turibsizlar, oʻzbek ham, qirgʻiz ham shu buloqdan suv ichadi, ekinini sugʻoradi. Ne asrlardan beri xalqlarimiz inoqlikda shu ariqni tozalaydi. Bu suv-moʻjiza. Shu bois ham buloq haqida turli rivoyatlar bor. Zaminimiz Olloh nazar qilgan joy. Biz nuroniylar tumanimizdagi oʻzgarishlarni koʻrib, yana-da yoshargimiz kelyapti.
Ha, bugun bu yerda kim bilan gaplashmang, ezgu ishlardan mamnun ekanligini bildiradi. Soʻxliklarning mehmonnavozligiga esa qoyil qolasiz. Mehmon uchun borini toʻkib soladi.
Chashma bulogʻini ziyorat qilganimizdan soʻng hamrohimiz, tuman hokimligining axborot xizmati rahbari Anvarjon aka bizni shu mahallada boʻlayotgan uy toʻyiga olib bordi. Gap shundaki, Chashma voqealarida Rahmatjon Toʻxtasinov va Ravshanjon Toʻxtanazarovlarning uyi talafot koʻrgandi. Hukumatimizning topshirigʻi asosida qisqa vaqt ichida bu uylar tiklandi. Rahmatjon akaning xonadoni kapital taʼmirlangan boʻlsa, Ravshanjon akaning xonadoni yangidan qurilib berildi. Qurilish- taʼmirlash ishlari“Al-Behruz qurilish invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilib, 600 million soʻmdan ziyod mablagʻ sarf etildi. Bu ikki xonadon oila aʼzolarining quvonchi cheksiz. Qarindoshlar, qoʻni-qoʻshnilar yangi uy bilan qutlab, ezgu tilaklarini bildirishdi.
–Yaxshi mehmon osh ustiga, – deydi Ravshanjon aka. –Qani yangi uyimizga marhamat mehmon. 8 xonali yangi uyga koʻchib oʻtdik. Prezidentimizga rahmat.
Yoshi kattalar yaxshi eslaydi. Ilgarilari pishgan gʻishtdan imorat qilish, yangi avtomashina olib minish, xususiy mulkka ega boʻlish ertakdek gap edi. Bugun, barchasi oʻzgardi. Xususan, qishloqlardan oʻtib borarkanmiz, bir-biridan koʻrkam, muhtasham uylarni koʻrib havasimiz ortdi. Bugun har bir soʻxlikning xonadonida avtomashina bor. Hatto eng qimmatini ham shu yerda koʻrishingiz mumkin. Bu ularning ishbilarmonligi va mehnatining samarasi. Tumanda tadbirkor boʻlib, yurt obodligiga hissa qoʻshayotgan insonlar juda koʻp.
Chumoqcha qishlogʻilik Dadaxon Akbarov ana shundaylardan biri. Kichkina bir qishloqda shahardan qolishmaydigan restoran va savdo markazi boʻlishini kim oʻylabdi, axir. Tadbirkor oʻtgan yilda ana shu ishga bosh qoʻshdi. Fargʻonaning boshqa hududlaridagi mohir oshpazlarni bu yerga taklif etdi. Shu bois bugungi kunda bu joyning taʼrifi mashhur. Harakat qilgan odam albatta, koʻzlagan maqsadiga yetadi. Dadaxon aka ham “tishlagan joyini” qoʻyib yubormaydiganlardan. U anchadan buyon oʻz qishlogʻida xizmat koʻrsatish majmuasini qurish niyatida edi. Prezident qarori asosida ishlab chiqilgan manzilli Dasturga koʻra, bu ham amalga oshishni boshladi. Davlat xususiy sheriklik tamoyili asosida 4 milliard soʻmlikdan ortiq mablagʻ evaziga mazkur majmua bunyod etilmoqda.
–Soʻxning tabiiy-iqlim sharoiti shirindan-shakar mevalar yetishtirish uchun juda ham qulay, –deydi “Lemburg” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi bogʻbon Mahammadnazir Nurmatov. – Olimlar bilan qadimgi bodom navlarini tiklash, xorijdan hosildor yongʻoq koʻchatlarini olib kelib, mahalliy sharoitga moslashtirish, xaridorgir olma navlarini koʻpaytirish borasida hamkorlik olib borilyapti. Mevazor bogʻlarni koʻpaytirib, jahon bozoriga sarxil meva-sabzavotlar yetkazib beramiz. Ayni kunga qadar Soʻx daryosidan 1,5 kilometr suv tarmogʻi olib keldik. Endilikda 3 gektar yerdagi bogʻlarni tomchilatib sugʻoramiz. Bu usul hosildorlikni oshiradi, suvni va pulni tejaydi.
“Oltin olma, duo ol” deydi, dono xalqimiz. Darhaqiqat, duoning qudrati barcha sarvat va boyliklardan ham ustundir. Inoyatxon Jumayeva Istiqlol mahallasida yashaydi. 1921-yilda tugʻilgan momo tumanning faxri. Inoyatxon momo bugun oʻzining yaqinlari - farzandu nabira, nabira va chevaralari ardogʻida.
Biz onaxonni ziyorat qilish maqsadida xonadoniga bordik. U kishining bunday yoʻqlovdan boshi osmonga yetdi.
–Iloyim osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch va Yurtboshimizning boshi omon boʻlsin! Mening yoshimga yetinglar, – deya Inoyatxon momo qoʻllarini duoga ochdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 8-avgustda qabul qilingan“2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hududni har tomonlama taraqqiy ettirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.Ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning dunyoqarashi, turmush tarzi oʻzgarmoqda. Qarorga koʻra, yoʻl-transport, muhandislik kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida umumiy uzunligi 160 kilometr shagʻal qoplamali yoʻllarni sementobeton qoplamalarga oʻtkazish va asfalt qoplama yotqizish,106 kilometr tuproq yoʻllarni shagʻallash, 40 kilometr sementobeton piyodalar yoʻllarini qurish boshlandi.
Shuningdek, aholiningelektr–energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar hal etildi. Bu yerda yangi podstansiya foydalanishga topshirildi. Buning natijasida qoʻshimcha 16 000 kVA quvvat yaratilib, 15mingdan ziyod isteʼmolchilar uzuluksiz energiyabilan taʼminlandi.
–Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturiga koʻra Rovon shaharchasida har biri 30 xonadonli 7 ta 5 qavatli uy-joylar quriladi. Tur- joy massivlari uchun yer maydonlari ajratildi, qurilishga tamal toshi qoʻyildi, – deydi tuman hokimi Saidbahrom Saidmusayev. –Koʻhna maskan oʻziga xos yer osti boyliklariga kon. Jumladan, ohaktosh, gil, bentonitli gil, gips, slanes, qum shagʻallardan samarali foydalanish bunyodkorlik ishlarini rivojlantirish, arzon va sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqadi.
Prezidentimiz qarorida soʻxliklar ijtimoiy –iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy hayotida alohida ahamiyatga ega boʻlgan, avtomobil yoʻlida harakatlar qatnovini amalga oshirish borasida ish olib borilmoqda. Yaqin kunlarda Rishton tumanidan Soʻx tumaniga“Rishton-Ravon” yoʻnalishi orqali avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
Ayni kunlarda yurtimizning barcha goʻshalarida jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqilligining 29 yilligini qutlugʻ shodiyona sifatida nishonlashga katta taraddud koʻrilmoqda. Uning shukuhini mamlakatimizning eng chekka hududlarida, xususan, Soʻxda ham yaqqol sezish mumkin. Gap raqamlarda emas. Keyingi yillardagi bemisl islohotlar bugun oddiy odamlar hayotida aks etyapti. Ularni hayotdan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilayotir. Siz ham Soʻxga bir keling, ezgu ishlarning guvohi boʻling!
Asrlar mobaynida yonma-yon, bir oila aʼzolaridek ahil-inoq yashab kelayotgan xalqlarimizning yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati beqiyosdir. Bu borada hayotiy tajriba Soʻxda yana bir bor yaqqol namoyon boʻla boshlagani quvonarli, albatta. Shoir bejizga “Muqaddas tuprogʻim, jannatmonand Soʻx!” deb yozmaganiga ishonasiz.
Ayting-ayting, qayerda daraxt ekiladi, odamlar uy quradi, toʻylar koʻpayib, bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi?! Albatta, tinchlik va osoyishtalik hukmron boʻlgan yurtda-da!