Madridda Amir Temur merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
Ispaniyaning yetakchi nashrlaridan biri – “El Mundo Financiero” sahifalarida Madrid shahrida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiya haqida maqola chop etildi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Madriddagi Casa Árabe madaniy markazida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston, Ispaniya hamda qator boshqa mamlakatlardan olimlar, diplomatlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbirda Amir Temurning davlatchilik, harbiy san’at va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiyada O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov, Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, ispaniyalik adib Xesus Sanches Adalid va boshqa nufuzli ekspertlar ma’ruza qildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur anjuman Amir Temur tavalludining 690 yilligi doirasidagi xalqaro tadbirlar davomida tashkil etildi.
Muallif konferensiyaning aynan Ispaniyada o‘tkazilganiga alohida e’tibor qaratgan. Chunki Ispaniya – Samarqandga tashrif buyurib, Amir Temur saltanati haqida muhim tarixiy ma’lumotlar qoldirgan mashhur elchi Ruy Gonsales de Klavixo vatani hisoblanadi. Uning yozma merosi temuriylar davrini o‘rganishda muhim manbalardan biri sifatida baholanadi.

Forumda Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasi davlatlaridan 70 dan ziyod olim, tadqiqotchi va diplomat ishtirok etdi. Bu esa Amir Temur shaxsi va temuriylar merosiga bo‘lgan xalqaro qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA