Munosib yashash sharoitlarini yaratish dolzarb vazifa
Har bir inson uchun qulay va munosib yashash sharoiti bugungi islohotlarning markazida turgan eng muhim masalalardan biridir. Shu maqsadda mamlakatimizda ko‘p qavatli uylarni yangilash va infratuzilmani mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatida ham ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta’mirlash, muhandislik tarmoqlarini yangilash hamda aholi uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq ishlar olib borilmoqda.

– 2025-yilda boshqaruv tashkilotlari mablag‘lari hisobidan manzilli dastur asosida 417 ta ko‘p qavatli uyda ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildi, – deydi viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muyassarbek Safarov. – Ushbu jarayonda uylarning tom qismi, kirish yo‘laklari, yerto‘la va ichki muhandislik tarmoqlari, fasad qismlari ta’mirlandi. Shuningdek, oyna romlari o‘rnatilib, energiya tejamkor sensor lampalar, elektr taqsimlovchi shitlar va kodli qulfli temir eshiklar joylashtirildi. Aholi murojaatlari asosida dasturdan tashqari yana 110 ta ko‘p qavatli uyda qo‘shimcha ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu esa mavjud muammolarni joyida hal etish va yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida zarur moddiy-texnik zaxiralar shakllantirilgan bo‘lib, quvurlar, payvandlash uskunalari, nasoslar, oyna va qurilish materiallari yetarli miqdorda jamlangan.
2026-yilda ham ushbu ishlar davom ettiriladi. Manzilli dastur asosida 384 ta ko‘p qavatli uyda turli xil ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda tom qismlari, kirish yo‘laklari va muhandislik tarmoqlarini ta’mirlash, zamonaviy va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish ishlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, bolalar maydonchalari barpo etish, umumfoydalanish hojatxonalarini qurish, irrigatsiya tarmoqlarini yangilash va yo‘laklarni betonlash ishlari rejalashtirilgan.
Lift qurilmalarini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026-yilda ayrim ko‘p qavatli uylardagi ta’mirtalab lift uskunalarini yangilash va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Amalga oshirilayotgan bu ishlar aholi turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani zamon talablari asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri