Yoshlar bilan uchrashuv
“Alohida toifadagi yoshlar va jinoyatchilikning oldini olish kuni” doirasida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Zohidovning Guliston shahri yoshlari bilan ochiq va samimiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati shaklida o‘tkazilgan uchrashuv yoshlarning fikr-mulohazalari, muammo va takliflarini tinglashdan boshlandi. Muloqot davomida ta’lim sifatini oshirish, bandlikni ta’minlash, oila va nikoh munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Yoshlar tomonidan bildirilgan tashabbus va takliflar alohida e’tibor bilan qayd etildi.

Uchrashuv jarayonida, ayniqsa, yoshlarni qiynayotgan huquqiy masalalarga alohida urg‘u berildi. Mutaxassislar tomonidan ushbu muammolar yuzasidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berilib, amaliy yechimlar taklif etildi.

Tadbir doirasida adliya organlari xodimlari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Unda yoshlarga Lex.uz platformasidan samarali va maqsadli foydalanish, normativ-huquqiy hujjatlarni mustaqil izlab topish ko‘nikmalari o‘rgatildi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish burchagi imkoniyatlari namoyish etildi hamda davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish tartibi amaliyotda ko‘rsatib berildi.

– Bugungi muloqot menda juda ijobiy taassurot qoldirdi. Eng muhimi, bu yerda yoshlar o‘zlarini erkin his qilib, muammolarini ochiq aytdi va aniq javoblar oldi. Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirishda uchraydigan huquqiy masalalar bo‘yicha berilgan tushuntirishlar men uchun juda foydali bo‘ldi,– dedi yosh tadbirkor Murod Jo‘rayev.–Shuningdek, Lex.uz platformasidan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham katta yordam berdi. Endi men kerakli qonun hujjatlarini mustaqil ravishda topib, o‘z faoliyatimda qo‘llash imkoniyatiga egaman.


Mazkur uchrashuv yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faolligini kuchaytirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri