Mundial chorak finali: favoritlar va sensatsiya mualliflari to‘qnashuvi
Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining chorak finalida ishtirok etadigan sakkiz jamoa nomi aniq bo‘ldi.
AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib keldi. Nimchorak final bahslari yakunlangach, chorak finalda maydonga tushadigan sakkiz jamoa va to‘rtta juftlik to‘liq shakllandi.
Chorak final bahslari 9–11-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Dastlabki bahsda Fransiya terma jamoasi Marokashga qarshi AQSHning Foksboro shahridagi «Jillett» stadionida maydonga tushadi. 10-iyul kuni Ispaniya va Belgiya Inglvud shahridagi «Sou-Fay» stadionida kuch sinashsa, 11-iyul kuni Norvegiya hamda Angliya Mayami-Gardensdagi «Xard Rok» stadionida yarim final yo‘llanmasi uchun bahs olib boradi.
Shu kuni chorak finalning eng ko‘p kutilgan uchrashuvida amaldagi Jahon chempioni Argentina Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi.
Chorak finalning har bir uchrashuvi turli futbol maktablari va taktik yondashuvlar qarama-qarshiligi bilan ahamiyatli. Fransiya va Ispaniya kabi jamoalar to‘p nazorati, yuqori pressing va pozitsion hujumlarga tayanadigan zamonaviy uslubni namoyish etayotgan bo‘lsa, Marokash hamda Shveysariya tartibli himoya, ixcham joylashuv va qarshi hujumlarda yuqori samaradorlik bilan ajralib turibdi. Norvegiya esa jismoniy tayyorgarlik, tezkor o‘tishlar va intizomli harakatlari bilan yoqimli futbol namoyish etyapti.

Fransiya – Marokash bahsida Yevropa va Afrika futbol maktablarining o‘ziga xos qarama-qarshiligi kuzatiladi. Fransuzlar raqibni yuqori pressing orqali xatoga majbur qilish, qanotlar orqali hujumlarni kuchaytirish va to‘p nazoratini saqlashga intiladi. Marokash esa Kanadani 3:0 hisobida mag‘lub etgan bahsda ko‘rsatganidek, himoya va hujum o‘rtasidagi muvozanat hamda qarshi hujumlardagi yuqori samaradorligiga tayanadi.
Ispaniya – Belgiya to‘qnashuvida esa o‘yin sur’ati va maydon markazidagi ustunlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Ispaniya qisqa va aniq uzatmalarga asoslangan kombinatsion futbolni namoyish etayotgan bo‘lsa, Belgiya tezkor o‘tishlar va hujumlarni samarali yakunlash orqali xavf tug‘dirmoqda. AQSHga qarshi bahsda belgiyaliklar aynan qarshi hujumlardagi yuqori realizatsiyasi bilan ajralib turdi.
Norvegiya – Angliya uchrashuvi jismoniy tayyorgarlik va taktik intizom nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega. Norvegiya nimchorak finalda Braziliyani musobaqadan chiqarib yuborib, turnirning eng katta sensatsiyalaridan birini qayd etdi. Angliya esa hujum va himoya o‘rtasidagi muvozanatni saqlagan holda barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda. Bu bahsda standart vaziyatlar va ikkinchi qavatdagi kurashlar hal qiluvchi omillardan biri bo‘lishi mumkin.
Argentina – Shveysariya qarama-qarshiligi chorak finalning markaziy bahsi sifatida e’tirof etilmoqda. Amaldagi Jahon chempionlari nimchorak finalda Misrga qarshi 0:2 hisobida ortda borayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi daqiqalarda Kristian Romero, Lionel Messi va Enso Fernandesning gollari evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Bu esa Argentinaning katta musobaqalardagi tajribasi, bosim ostida ham o‘yinni o‘zgartirish qobiliyati va chempionlik xarakteri saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.

Shveysariya esa Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda asosiy va qo‘shimcha vaqt davomida darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Bu natija shveysariyaliklarning himoyadagi intizomi, jamoaviy harakati va psixologik barqarorligini yana bir bor namoyon etdi.
Chorak final ishtirokchilari tarkibiga nazar tashlansa, sakkiz jamoadan beshtasi Yevropa qit’asi vakili hisoblanadi. Bu Yevropa futboli hozirgi kunda ham yuqori raqobatbardoshligini saqlab qolayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Argentina Janubiy Amerika, Marokash esa Afrika futboli sharafini himoya qilmoqda.

Endi chorak finalda har bir xato qimmatga tushadi. Shu bois jamoalardan maksimal darajada taktik intizom, ruhan barqarorlik va har bir golli imkoniyatdan unumli foydalanish talab etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA