6 nafar bokschimiz Osiyo chempionatining saralashida jang o‘tkazadi
Bugun, 8-iyul kuni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida boks bo‘yicha U19 va U23 yosh toifasida davom etayotgan Osiyo chempionatining uchinchi kungi janglarida O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar a’zosi jang o‘tkazadi.
Kecha chempionatning ikkinchi kunida U19 yosh toifasidagi 22 ta juftlik janglari o‘tkazilgan bo‘lsa, terma jamoamiz a’zolaridan Muhammadrizo Ukimov -60 kilogrammda yaponiyalik Rio Matsumotoni 5:0 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
-65 kg. vaznda o‘tgan navbatdagi bahsda yosh bokschimiz Ibrohim Shokirjonov qozog‘istonlik Akjurek Kalabay bilan ro‘baro‘ keldi. Biroq, vakilimiz hakamlarning qaroriga ko‘ra, imkoniyatni boy berdi.
Bugun qit’a chempionatida U23 yosh toifasida 24 ta jang tashkil etilishi belgilangan bo‘lsa, ularning 6 tasida mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari o‘z omadini sinab ko‘radi.

Juftliklar bilan tanishing:
-48 kg: Robiyaxon Baxtiyorova - Linda Sari (Indoneziya)
-51 kg: Gulsevar G‘aniyeva - Xian Baguin (Filippin)
-54 kg: Uzukjamol Yunusova - Milana Shixshabekova (Qirg‘iz Respublikasi)
-57 kg: Xumorabonu Mamajonova - Nurul Izza (Indoneziya)
-60 kg: Mushtariybonu Ibrohimjonova - Ti Nxung Kuang (Vetnam)
-65 kg: Sevinch Xurramova - Arujan Jangabayeva (Qozog‘iston)

Eslatib o‘tamiz, 17-iyulga qadar U19 va U23 yosh toifasida erkaklar va bokschi qizlar o‘rtasida o‘tayotgan chempionatda mamlakatimizning 28 nafar sportchisi qatnashmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA