G‘olib bo‘lmagan loyiha keraksiz degani emas.
Yurtimizda keng quloch yoygan “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi ikkinchi mavsumi yaqindagina yakunlanib, g‘olib loyihalar aniqlandi. Biroq yetarli ovoz to‘play olmagan loyihalar ahamiyatsiz yoki keraksiz, degani emas. Shubhasiz, “Ochiq byudjet” portaliga taqdim etilgan har bir taklif o‘z hududi va unda yashovchi aholi uchun juda muhim hisoblanadi. Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z saylov okruglarida g‘olib bo‘la olmagan loyihalar orasidan eng zarurlarini tanlab olish imkoniyati yaratilgani ayni muddao bo‘ldi.
Xalq vakillari bu galgi o‘rganishlar davomida aynan shu masalaga — “Tashabbusli byudjet”da g‘olib deb topilmagan loyihalarni o‘rganishga va ular orasidan eng zarurlarini tanlashga alohida e’tibor qaratdi.
Jumladan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Zuhriddin Mavlonov Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida o‘tkazgan o‘rganishlari chog‘ida tuman hokimi va prokurori, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari hamda iqtisodiyot va moliya sohasi mas’ullari bilan birgalikda “Ochiq byudjet”da g‘olib bo‘lmagan loyihalarni birma-bir ko‘rib chiqdi.
Xususan, 9- va 21-sonli umumta’lim maktablari, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga borilib, mavjud sharoit va muammolar joyida o‘rganildi. Mas’ullar, pedagoglar bilan suhbatlashilib, qaysi ishlarni birinchi navbatda amalga oshirish zarurligi muhokama qilindi. Deputat o‘rganish davomida har bir masalaga raqamlar ortidan emas, balki real ehtiyojdan kelib chiqib yondashish kerakligini ta’kidlab, loyihalarni har tomonlama o‘rgandi.

Shuningdek, deputat Dildora Kamolova “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2-mavsumida ovoz berishda g‘olib deb topilmagan Uchtepa tumanidagi 78-sonli umumta’lim maktabining holatini joyiga chiqib o‘rgandi.
Deputatlar maktab bo‘yicha kiritilgan takliflarni va muassasaning mavjud sharoitini atroflicha ko‘rib chiqdi. G‘olib loyihalar esa xalq vakillari tomonidan haqqoniy o‘rganilib, “Ochiq byudjet” portalida e’lon qilinadi.
Bu kabi amaliy ishlar deputatlarning joylardagi muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytiradi. Shu bilan birga, g‘olib bo‘lmagan loyihalarning e’tibordan chetda qolmasligiga, fuqarolarning umid bilan kutgan masalalari yechim topishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA