Mo‘g‘ulistonlik “hokimlar” Samarqandda tajriba almashdi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston hukumat ishlari boshqarmasining hududiy boshqaruv va muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Purev Zorigtbaatar boshchiligidagi delegatsiya tashrif dasturiga ko‘ra, Samarqandga keldi.
Mehmonlarga viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, dehqonchilik, chorva va parrandachilikda erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi. O‘tgan yil Mo‘g‘ulistondan olib kelingan qo‘y va echkilarni parvarishlash jarayonlariga e’tibor qaratildi, bu borada tajriba almashildi.
Mo‘g‘uliston hududlari rahbarlari Samarqand tumanidagi “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligida intensiv baliqchilik faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari B.Jabborov va viloyat qishloq xo‘jaligi mas’ullari bilan uchrashuvda sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, yakunda o‘zaro memorandum imzolandi. Mazkur hamkorlik baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Mehmonlar Jomboy fumanidagi “Bog'bon” in-vitro laboratoriyasida tok va mevali ko‘chatlar yetishtirish, iqlim sharoitidan kelib chiqib ko‘chat tanlash va parvarishlash bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri