“ROAD 24” brendi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Davlat xizmatlarini raqamlashtirish va fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan “ROAD 24” mobil ilovasi Adliya vazirligi tomonidan tovar belgisi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur ilova yo‘l harakati sohasida haydovchilar uchun bir qator qulayliklarni taqdim etmoqda. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalarni onlayn tekshirish, jarimalarni masofaviy va xavfsiz to‘lash, haydovchilar uchun muhim bildirishnomalarni tezkor qabul qilish kabilar shular jumlasidandir.
Tovar belgisining ro‘yxatga olinishi “ROAD 24” ilovasining huquqiy muhofazasini ta’minlaydi. Bu esa foydalanuvchilarni soxta va firibgarlik maqsadida yaratilgan ilovalardan himoya qilish, xizmat sifatini oshirish hamda brend egasining huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tovar belgilariga bo‘lgan huquq ariza topshirilgan sana bilan belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, tovar belgisi birinchi bo‘lib hujjat topshirgan shaxs yoki tashkilot nomiga rasmiylashtiriladi.
Qonunchilikka ko‘ra, tovar belgisi guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi hamda uning amal qilish muddati har safar 10 yilga uzaytirilishi mumkin.
Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizani Adliya vazirligining im.adliya.uz portali orqali onlayn topshirish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA