“Mirabror Usmonov kubogi – 2026” xotira turniri boshlandi
FOTOREPORTAJ
Bugun Toshkent shahridagi Milliy futbol markazida o‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shgan taniqli sport arbobi Mirabror Usmonov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirga start berildi.
“Mirabror Usmonov kubogi – 2026” nomi ostida tashkil etilgan musobaqada bir qator mamlakatlardan yosh futbolchilar ishtirok etmoqda. Turnirning ilk kuniyoq maydonda qizg‘in va murosasiz bahslar kechdi.
Dastlab Rossiya va Saudiya Arabistoni yoshlar terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun astoydil harakat qilgan uchrashuvda rossiyalik futbolchilar 3:1 hisobida zafar quchdi.
[gallery-31755]
Kunning ikkinchi bellashuvida esa O‘zbekiston va Armaniston yoshlar terma jamoalari maydonga tushdi. Unda futbolchilarimiz tashabbusni qo‘lga olib, uchrashuv davomida raqibdan ustunlikni saqlab qoldi. Hujumkor va mazmunli o‘yin namoyish etgan hamyurtlarimiz 5:1 hisobida g‘alaba qozonib, turnirni muvaffaqiyatli boshladi.
Mazkur xotira turniri yosh futbolchilarning xalqaro tajribasini oshirish, ularning mahorat va salohiyatini namoyon etish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Mirabror Usmonov kubogi – 2026” xalqaro xotira turniri doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA