Milliy va xalqaro media vakillari Toshkentda yig‘ildi
Toshkentda OAV haftaligi doirasida “Birlashish nuqtasi: So‘z – kuch” shiori ostida xalqaro media forum bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, parlament, xalqaro tashkilot, diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida maxsus videorolik namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Odiljon Tojiyev mamlakatda media sohasini rivojlantirish, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy OAV raqobatbardoshligini oshirish hamda zamonaviy axborot muhitini shakllantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Forumda “Globallashuv davrida O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayoni”, “Ishonchli axborot muhitini shakllantirishda OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni” mavzularida sho‘’ba yig‘ilishlari tashkil etildi.
Muhokamadan so‘ng sohada xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalar amalga oshirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
[gallery-30233]
Shuningdek, tadbir dasturidan o‘rin olgan MMA a’zolarining navbatdagi umumiy yig‘ilishida tashkilotning kelgusi faoliyati yo‘nalishlari va sohani rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar muhokama qilindi. Assotsiatsiya safiga qabul qilingan yangi a’zolarga sertifikatlar topshirildi.
Dilshod Hakimov,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA