Milliy taom davlat ro‘yxatidan o‘tdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga xos bo‘lgan milliy taom – jo‘xori gurtik geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Jo‘xori qoraqalpoqlar hayotida muhim xo‘jalik va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan an’anaviy ekinlardan biri hisoblanadi. U qoraqalpoqlarning kundalik ovqatlanishda ham muhim o‘rin egallagan. Uning asosida tayyorlangan jo‘xori gurtik taomi to‘yimli bo‘lib, ayniqsa, qish mavsumida asosiy oziq-ovqat vazifasini bajargan.
XIX–XX asr boshlarida bug‘doy va guruch yetishmagan davrlarda jo‘xori aholining asosiy don ekiniga aylangan. Madaniy jihatdan jo‘xori gurtik qoraqalpoqlarning an’anaviy ovqatlanish madaniyatini aks ettiradi. U nafaqat kundalik taom, balki mehmon kutishda ham tortilgan. Jo‘xori gurtik qoraqalpoqlarning tabiiy sharoitga moslashgan turmush tarzi, dehqonchilik tajribasi va milliy oshxonasining muhim elementlaridan biri bo‘lib butun Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida tayyorlanadi.
Ushbu milliy taomni tayyorlashda go‘sht (mol, tovuq go‘shti bo‘lishi mumkin), sabzi, kartoshka, piyoz, jo‘xori uni kabi asosiy mahsulotlardan foydalaniladi. Shuningdek, geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi jo‘xori gurtik taomining nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Uning sifat standartlarini mustahkamlaydi va Qoraqalpog‘istonning hududiy gastronomik brendi sifatida targ‘ib qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Ta’kidlash joizki, geografik ko‘rsatkich - mahsulotning muayyan hududga mansubligini bildiruvchi va shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillariga bog‘liq alohida sifat va nufuzni kafolatlovchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.
Shu bois qoraqalpoq xalqining milliy taomi – jo‘xori gurtik taomi geografik ko‘rsatkich sifatida 2026-yil 14-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA