Jismoniy va jangovar tayyorgarlikda xalqaro tajriba örganilmoqda
Özbekiston Respublikasi Içki işlar vazirligi Malaka oşiriş institutida «Içki işlar organlari tizimida jismoniy va jangovar tayyorgarlik: xalqaro tajriba va milliy amaliyot uyğunligi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bölib ötdi.
Anjumanda içki işlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini takomillaştiriş, kasbiy-amaliy könikmalarini rivojlantiriş, xorijiy davlatlarning ilğor tajribasini örganiş va milliy tayyorgarlik tizimiga tatbiq etiş masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyada davlat organlari va taşkilotlari, oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, şuningdek, Rossiya va Qirğizistondan kelgan xalqaro ekspertlar, professor-öqituvçilar hamda soha mutaxassislari iştirok etdi.
Tadbirni IIV Malaka oşiriş instituti boşliği, polkovnik, texnika fanlari nomzodi, professor Olimjon Ahmedov oçib, içki işlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligi xizmat vazifalarini samarali bajariş, murakkab vaziyatlarda töğri va tezkor qaror qabul qilişda muhim ahamiyat kasb etişini taʼkidladi.
Şuningdek, tayyorgarlik jarayoniga zamonaviy metodikalarni joriy etiş, xalqaro tajribadan foydalaniş hamda nazariy bilimlarni amaliy maşğulotlar bilan uyğunlaştiriş zarurligi qayd etildi.
Konferensiyaning ilmiy dasturi doirasida mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan mavzuga oid maʼruzalar taqdim etildi.
Xususan, Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) sport direksiyasi direktori, Rossiya sport universiteti professori Sergey Tabakov sambo sport turining kuç tuzilmalari xodimlarini kasbiy tayyorlaşdagi örni, jismoniy sifatlar va amaliy könikmalarni rivojlantiriş imkoniyatlari haqida söz yuritdi.
Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Mehriddin Mirjamolov sport sohasidagi ilmiy izlanişlar, erişilayotgan natijalar va raqamlaştiriş jarayonlarining ahamiyatiga töxtaldi.
Qirğiziston davlat jismoniy tarbiya va sport akademiyasi kafedra mudiri Aleksandr Larionov esa sambo sport turini rivojlantiriş istiqbollari hamda uning içki işlar organlari xodimlarini kasbiy tayyorlaş tizimidagi imkoniyatlari yuzasidan fikr bildirdi.
[gallery-32349]
Anjumanda kursantlar va içki işlar organlari xodimlarining jismoniy tayyorgarligini oşirişda zamonaviy sport texnologiyalari, ilmiy asoslangan maşğulot metodikalari va ilğor xorijiy tajribadan foydalaniş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, xodimlarning jismoniy çidamliligi, ruhiy barqarorligi, murakkab vaziyatlarda tezkor qaror qabul qiliş qobiliyati va amaliy könikmalarini kompleks rivojlantiriş kasbiy tayyorgarlikning muhim şartlaridan hisoblanadi.
Muhokamalar davomida xalqaro tajriba va milliy amaliyotni uyğunlaştiriş, sambo va boşqa sport turlaridan kasbiy tayyorgarlikda samarali foydalaniş, taʼlim jarayoniga innovatsion yondaşuvlarni joriy etiş hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytiriş yuzasidan takliflar bildirildi.
Konferensiya yakunida içki işlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini yanada takomillaştiriş, öquv-maşğulot jarayonida ilmiy yondaşuvlarni keng qöllaş va sohada tajriba almaşişni rivojlantiriş masalalari yuzasidan fikr almaşildi.
Kamola YUSUPOVA,
Asliddin ALIJONOV (surat), ÖzA