Milliy metrologiya instituti xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda
Toshkent shahrida vaqt va chastota metrologiyasi sohasidagi xalqaro mutaxassislarni bir maydonga jamlagan "BIPM–COOMET UTC Summer School" xalqaro yozgi maktabi o‘z ishini boshladi.
28-sentabr kuni O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mezbonligida start olgan mazkur xalqaro tadbir “Bureau International des Poids et Mesures”, “COOMET TC 4”, “Information and Training” hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamkorligida tashkil etilmoqda. Tadbirga “IEEE UFFC” homiylik qilmoqda.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro yozgi maktabda 25 ta xorijiy mamlakatdan 31 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ularning 11 nafari vaqt va chastota metrologiyasi yo‘nalishida xalqaro ekspert va lektorlar sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa, 20 nafar mutaxassis mazkur yo‘nalishdagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — “UTC” va “UTC(k)” vaqt shkalalarini yaratish, solishtirish va uzatish, yuqori aniqlikdagi vaqt va chastota o‘lchashlarini amalga oshirish hamda ularning metrologik kuzatuvchanligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish.


Yozgi maktab dasturidan “UTC” va “UTC(k)” vaqt shkalalari, atom soatlari, “GNSS” orqali vaqt va chastotani uzatish, metrologik kuzatuvchanlik, o‘lchash noaniqligini baholash, statistik tahlil hamda zamonaviy vaqt-chastota texnologiyalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Uch kun davomida ishtirokchilar xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish, sohadagi zamonaviy yondashuvlar bilan tanishish hamda vaqt va chastota metrologiyasiga oid amaliy bilimlarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladi.

“BIPM–COOMET UTC Summer School” 28–30-sentabr kunlari davom etadi. Mazkur xalqaro tadbir vaqt va chastota metrologiyasi sohasida xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda milliy metrologiya institutlari mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA