MIB: muammo yechim topdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining qarorlariga asosan javobgar “UJQC” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 19 nafar ishchi xodimning 517 million so‘m oylik ish haqini undirish belgilangan.
Shunga qaramasdan, javobgar mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ushbu sud qarorlari ijrosi ta’minlanmagan va ishchilarning ish haqlari to‘lab berilmagan. Ishchi xodimlar sud qarorlariga asosan chiqarilgan ijro varaqalarning ijrosini ta’minlab berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limiga murojaat qildi va bo‘lim tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilib, harakatga kirishildi.
Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan javobgar “UJQC” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bosh hisobchisiga hujjat ijrosi 15 kunlik muddat ichida ta’minlanishi lozimligi, ijrosini ta’minlamaslik javobgarlikka tortishga va majburiy ijro harakatlariga kirishishga asos bo‘lishi haqida bir necha marotaba ogohlantirildi.
Tashkilotning asosiy bank hisob raqamlari xatlovga olinib, qarzdorning nomida aniqlangan 2 ta avtotransport vositasi xatlovga olindi va sotuvga chiqarilgan. Natijada, joriy yilning 31-mart kuni 13 nafar ishchining 517 million so‘mlik ish haqlari to‘lig‘i bilan undirib berildi.
Bundan tashqari, bo‘lim ish yurituvidagi ushbu jamiyatdan davlat byudjeti foydasiga jami 401,4 million so‘m soliq qarzdorligi va davlat bojlari, shuningdek, 3 ta yuridik shaxs foydasiga 311 million so‘mlik qarzning undirilishi ta’minlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.