MIB: 3 milliard so‘mdan ziyod dori vositalari yo‘q qilindi
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagni Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limi tomonidan qonun hujjatlari talablariga asosida ijro hujjatlarining bajarilishini ta’minlash maqsadida navbatdagi amaliy tadbir tashkil etildi.
Unda sud va boshqa vakolatli organlar qarorlariga binoan muomaladan chiqarilgan hamda yo‘q qilinishi belgilangan mahsulotlarni bartaraf etish ishlari amalga oshirildi.

Tadbirda tegishli davlat va nazorat organlari vakillari qatnashganligi jarayonning ochiq-oshkoraligi, qonuniyligi va belgilangan tartiblarga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazilishini ta’minladi.
Mazkur amaliy harakatlar doirasida jami oltita ijro hujjati bo‘yicha umumiy qiymati 3,2 milliard so‘mni tashkil etuvchi 340 turdagi sifatsiz dori vositalari va tibbiyot uskunalari yo‘q qilindi. Ushbu noqonuniy mahsulotlar belgilangan tartibda yoqish va to‘kish usullari orqali bartaraf etildi.

Yo‘q qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar inson salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, sifati kafolatlanmagan yoki qonun talablariga zid ravishda muomalaga kiritilgan mahsulotlar hisoblanadi. Ayni shu boisdan ularni muomaladan chiqarish va yo‘q qilish orqali aholi salomatligini muhofaza qilish hamda qonunbuzarliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA