Harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik tanlovi – salohiyatli, vatanparvar kadrlar zaxirasi shakllanadi
Qaror va ijro

Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi hamda ularning bandligini ta’minlash yo‘lida maqsadli ishlar tashkil qilinmoqda, samarali islohotlar olib borilmoqda.Xususan, yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi tashabbuslarni ilgari surish ustuvor vazifa ekanligi Davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlab kelinadi.
Bu borada joriy yil 13-yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni rahbarligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish hamda yoshlarni jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish bo‘yicha aniq vazifalar berdi. Mazkur jarayonda aholi va yoshlarimizning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Davlatimiz rahbari bu kabi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 7-aprel kuni milliy armiyamizda kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan “Qurolli Kuchlar tizimida respublika kitobxonlik tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi muhim Tarixiy qarorni imzolab, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar belgilab berdi.
Qarorga ko‘ra, joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarda alohida 4 ta asosiy toifa, ya’ni muddatli harbiy xizmatchilar, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari hamda harbiy-akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida 4 bosqichli “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qo‘shilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich, saralash bo‘lib, vazirlik va idoralar tizimidagi harbiy qismlar, harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalarida har yili sentabr oyida bo‘lib o‘tadi.
Bunda barcha harbiy xizmatchilar, kursantlar va o‘quvchilar o‘rtasida 50 ta savoldan iborat test sinovlari o‘tkaziladi hamda g‘olib bo‘lganlar ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Tanlovning ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma, boshqarma hamda qo‘shilmalarda oktabr oyida, uchinchi bosqichi esa vazirlik va idoralar miqyosida noyabr oyida o‘tkaziladi.
Yakuniy, ya’ni Respublika bosqichi dekabr oyida o‘tkazilib, unda saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘zaro bellashadi.
Eng quvonarlisi, Respublika bosqichining 4 nafar toifalar bo‘yicha g‘oliblarining har biri Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining bosh sovrini, zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi.
Ikkinchi o‘rinni egallagan harbiy xizmatchilarning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari, uchinchi o‘rin esa 70 barobari miqdorida pul mukofoti va diplomlar bilan rag‘batlantiriladi.
Tanlovning yana bir muhim jihati shuki, yakuniy bosqichda 1-2-3-o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddati 1 oyga qisqartiriladi.
Tanlovning yakuniy, respublika bosqichining barcha g‘olib va sovrindorlari mukofotlari 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.
Mazkur tanlovni joriy etilishi natijasida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam kafolatlaridan biriga aylanib borayotgan Qurolli Kuchlar “ma’rifat maskani”ga aylantiriladi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar, kursantlar va o‘quvchilarining mutolaa madaniyatini oshirish orqali kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, vatanparvarlik tuyg‘ulari hamda jangovar ruhi kuchaytiriladi.
Natijada Vatan himoyachilarining ma’naviy-axloqiy tayyorgarligi yangi bosqichga olib chiqiladi. Bu esa harbiy xizmatchilarning kasbiy, intellektual hamda ma’naviy salohiyati oshishida muhim asosdir.
Xulosa qilib aytganda, Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan muhim tarixiy qarorlar muddatli harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini yanada oshirib, Milliy armiyamizni yoshlar uchun chinakam “Hayot maktabiga” aylantiradi.
Muddatli harbiy xizmat endi faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz uchun hayotdagi muvaffaqiyat yo‘liga aylanib, ularni jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Eng asosiysi, Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyoti uchun yuqori bilim, malaka va intellektual salohiyatli, vatanparvar kadrlar zaxirasi shakllanadi.
Azizjon RAVSHANOV,
Mudofaa vazirligi MA bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari