“Men – donorman!” aksiyasi o‘tkazildi
Andijon viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi hamda viloyat qon quyish stansiyasi hamkorligida yoshlar ishtirokida “Men – donorman!” aksiyasi o‘tkazildi.
– Ushbu tadbir yoshlarning ezgulik va mehr-oqibat aksiyasiga aylandi. Mazkur tadbirda 200 nafardan ziyod ko‘ngilli yoshlar ishtirok etib, beg‘araz yordamlari orqali ko‘plab xasta insonlarning hayotini saqlab qolishga, turli kasalliklardan forig‘ bo‘lishga o‘z hissalarini qo‘shdi. Aksiya davomida jami 50 litrdan ziyod qon jamlandi. Bu o‘nlab insonlarga hayot baxsh etuvchi bebaho tuhfadir. Ushbu ezgu tashabbus orqali yoshlar o‘zlarining saxovatli qalbi, yuksak ijtimoiy mas’uliyati va insonparvarlik fazilatlarini yana bir bor namoyish etdi, – deydi viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Nazira Ubaydullayeva.




O‘tkazilgan aksiyasi jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirish, aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev, O‘zA.