MDH Parlamentlararo assambleyasi doimiy komissiyasi tinch aholi himoyasiga e’tibor qaratdi
Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo assambleyasi Siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston parlament delegatsiyasi tarkibida Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Matkarimov qatnashdi.
Parlament a’zolari xalqaro insonparvarlik huquqini zamonaviy tahdid va chaqiriqlar sharoitida takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni muhokama qildi.

Jumladan, kibermakonda tibbiyot muassasalari hamda fuqarolarga oid ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, tinch aholi o‘rtasida ocharchilikning oldini olish maqsadida xavfsiz dengiz yo‘laklarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2026-yilga qadar mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar yakuni bo‘yicha milliy qonunchilik va harbiy yo‘riqnomalarda qurolli mojarolarning barcha bosqichlarida insonparvarlik tamoyillarini joriy etish zarurligini mustahkamlovchi siyosiy deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
“Sun’iy intellekt va yangi texnologiyalardan terrorizmga qarshi kurashish hamda radikallashuv va ekstremizmning oldini olish maqsadlarida foydalanishni qonunchilik jihatdan tartibga solish” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning dastlabki yakunlari haqida axborot taqdim etildi.
N.Abduraimova, O‘zA