MDH maydonida O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligi
O‘zbekistonning MDH maydonidagi muhim sheriklari qatorida Turkmaniston alohida o‘rin tutadi. Bu ikki davlat munosabatining o‘ziga xosligi faqat an’anaviy qo‘shnichilik yoki siyosiy muloqot bilan cheklanmasligida ko‘rinadi.
Zero, Toshkent – Ashxobod aloqalari savdo, chegara oldi infratuzilmasi, erkin savdo tartibi, avtomobil va temir yo‘l tranziti, dengiz logistikasi, energetika, suv xo‘jaligi, shuningdek hududlararo va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan ko‘p qatlamli sheriklikka aylanmoqda. 2025-yil davomida oliy darajali uchrashuvlar kun tartibi savdo-iqtisodiyot, transport, suv-energetika masalalari ustuvorligini yaqqol ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi muzokaralarda eng muhim yo‘nalishlar belgilab olinib, qo‘shma bayonot qabul qilindi, keng qamrovli hujjatlar to‘plami imzolandi.
Savdo munosabatlari
Iqtisodiy aloqalar ko‘rsatkichi o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sayotganidan daraka beradi. O‘tgan yil mart oyidagi oliy darajali muloqotda O‘zbekiston tomoni 2024-yil savdo aylanmasi 1,1 milliard dollardan oshganini qayd etdi. Noyabr oyidagi davlat tashrifi yakuni bo‘yicha esa o‘zaro savdo so‘nggi yillarda ikki barobar oshgani va ushbu qiymatni 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangani ma’lum qilindi. Demak milliardlik chegaradan o‘tgan savdo-sotiq darajasining o‘sish sur’ati saqlanib qolgan va ushbu miqdorni yanada oshirish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilingan.
Umuman, O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatida 2025-yilning eng muhim iqtisodiy qarorlaridan biri erkin savdo tartibi joriy etilganidir. 25-fevraldan kuchga kirgan ushbu rejim doirasida har ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan keng turdagi tovarlar bo‘yicha chegara boji bekor qilingan, savdo cheklovi olib tashlangan va o‘zaro savdo tartib-taomili soddalashtirilgan.
Tahlilchilar fikricha, bu birinchidan tovar ayirboshlashni arzonlashtiradi va tezlashtiradi. Ikkinchidan, chegara oldi hududlaridagi kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Uchinchidan, logistika va sanoat kooperatsiyasi bilan qo‘shilganda oddiy savdoni qayta ishlash va qo‘shma ishlab chiqarish zanjiriga aylantirishi mumkin. Ya’ni, erkin savdo tartibi bu yerda oxirgi nuqta emas, balki keyingi iqtisodiy bosqich uchun huquqiy baza hisoblanadi.
“Shovot – Dashog‘uz” chegara oldi savdo hududi
2025-yil 17-noyabrda O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari “Shovot – Dashog‘uz” qo‘shma chegara oldi savdo zonasini ishga tushirdilar. Ushbu majmua “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmati, inter faol tizim, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmati, shuningdek keng avto turargoh infratuzilmasidan iborat. Hudud faoliyati jami aholi soni 3,5 milliondan oshganXorazm va Dashog‘uz viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirishga xizmat qilishi tayin.
Masalaning mohiyati shundaki, chegara ma’muriy to‘siq nuqtasidan iqtisodiy o‘sish maskaniga aylantirildi. Bu tajribani boshqa hududlar, birinchi navbatda “Olot – Farob” yo‘nalishiga ham tatbiq etishga kelishilgan. Demak, “Shovot – Dashog‘uz” loyihasi bir martalik ramziy ob’ekt emas, balki yangi chegara iqtisodiyoti modeli sinov maydonidir. Agar bu reja samara bersa, keyingi bosqichda chegara oldi sanoat, logistika va xizmatlar bozori ham tez rivojlanishi taxmin qilinmoqda.
Transport va tranzit
O‘zbekiston – Turkmaniston transport aloqalari ham strategik ahamiyatga ega. Dekabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tgan oliy darajali uchrashuvda yuk tashish hajmi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali 30 foiz ortgani qayd etildi. Noyabr oyidagi muzokarada esa hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz transportini rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirilgan.
Shu bilan birga har ikki davlat hududida avtomobil transporti uchun yig‘im va to‘lov bo‘yicha belgilanib, 2025-yil kuchga kirgan teng shart qoidasi tashuvchilar uchun shaffof va muvozanatli sharoit yaratib, tranzit xarajatini qisqartirdi, avtomobil tashuvi samaradorligini oshirdi.
Binobarin, O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari endi resurslar bo‘yicha sust muvozanat emas, balki amaliy muvofiqlashuv bosqichiga o‘tmoqda. To‘g‘ri, hozircha suv energetikasi yoki gaz-elektr tarmog‘i bilan bog‘liq ulkan loyihalar mazmun-mohiyati to‘liq sharhlanmagan. Eng muhimi, rasmiy kun tartibida doimiy ravishda markaziy o‘rin egallaydigan bu yo‘nalishlarni ikki qo‘shni qardosh mamlakat xavf yoki raqobat emas, balki sheriklikni mustahkamlash omili sifatida ko‘radi.
Xulosa shuki, O‘zbekiston – Turkmaniston aloqalarida asosiy masala endi erkin savdo tartibi, chegara oldi infratuzilma va tranzit qarorlarini tezroq sanoat kooperatsiyasi, logistika zanjiri va hududiy iqtisodiy o‘sish vositasiga aylantirishda. Hozirgi rasmiy ma’lumotlar ko‘rsatmoqdaki, Toshkent va Ashxobod ayni bosqichga o‘tgan. Agar qabul qilingan mexanizm izchil ishlasa, Turkmaniston O‘zbekiston uchun nafaqat qo‘shni, balki Kaspiy orqali tashqi bozorga chiqish yo‘lidagi eng muhim strategik sheriklardan biriga aylanadi.
Dilshod Hakimov, O‘zA