Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi fan va ta’limda o‘zaro hamkor
Samarqand shahrida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi o‘tkazilmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulyasek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar (zoom orqali) va boshqalar ta’lim hamda ilm-fan sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan fikr, takliflarini bildirishdi.
– Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlar savdo-sotiq masalalari bilan cheklanmagan, qadimdan ikki mintaqa ilm-fan, madaniyat, ma’rifat sohasidagi hamkorlik rivojlangan, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev. – Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari qadimdan G‘arb va Sharq o‘rtasida ilm-ma’rifat markazlari sifatida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab kelgan. Bugungi xalqaro anjuman ham ushbu qadimiy asosning uzviy davomi shaklida o‘zaro hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-28724]
Ayni paytda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar yangi mazmun bilan boyib bormoqda. O‘zbekiston mazkur jarayonda faol tashabbuskorlik bilan ishtirok etmoqda. Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch muhitini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Bunday samimiy muloqotlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ham keng ko‘lamda olib borilayotgani o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga imkon yaratmoqda. Avvallari hamkorlik alohida yo‘nalishlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, bugun bu strategik tus olmoqda. 2025-yil 3-4-aprel kunlari Samarqandda tarixda ilk bor “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti” o‘tkazilib, unda Yevropa Ittifoqi rahbariyati va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari tomonidan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgani buning yaqqol tasdig‘idir. Mazkur kongress ana shu tarixiy sammitda belgilangan vazifalarning amaliy davomi sifatida tashkil etilgani qayd etildi.
Kongressda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, strategik yondashuvlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
– Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligi tobora rivojlanib, bunda fan, ta’lim va innovatsiyalarga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulyasek. – Kongress doirasida o‘tkazilayotgan Polsha – O‘zbekiston uchinchi rektorlar forumi ham o‘zaro hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishda alohida o‘rin tutadi. Bunda o‘zaro kadrlar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha aloqalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 1700 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba Polshada tahsil olmoqda. Bugungi forumda 30 dan ko‘proq oliy ta’lim muassasalarimiz rektorlari ishtirok etmoqda. Biz o‘zaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishni maqsad qilganmiz va bu jarayonda olimlar, talabalar almashinuvini yanada kengaytirish niyatidamiz.
Anjuman doirasida universitetlar o‘rtasida mustahkam akademik platforma shakllantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, akademik mobillikni faollashtirish hamda ta’lim sifatini oshirish, universitetlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlash va Markaziy Osiyoni yagona bilim va innovatsiyalar makoniga aylantirishga qaratilgan masalalar muhokamasi bosh maqsad hisoblanadi.
Kongressda ijtimoiy va iqtisodiy fanlar yo‘nalishida jamiyat transformatsiyasi, sun’iy intellekt etikasi va iqtisodiyotda katta ma’lumotlardan foydalanish masalalari, muhandislik va texnologiyalar yo‘nalishida universitet va sanoat hamkorligi, “yashil” transformatsiya hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, tibbiyot fanlari yo‘nalishida raqamli tibbiyot, biomeditsina va personallashtirilgan tibbiyot masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazilishi belgilangan.
Tadbir doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, B2B formatdagi muloqotlar va memorandumlarni imzolash marosimlari ko‘zda tutilgan.
Kongressda ikki diplomli ta’lim dasturlarini kengaytirish, sun’iy intellekt, biomeditsina va “yashil” texnologiya sohalarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, Erasmus+ va Horizon Europe dasturlarida ishtirokni faollashtirish hamda universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur xalqaro anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari